
Toshkent turfirmalariga «O‘zbekiston – BAA» o‘yiniga turlar sotmaslik tavsiya qilindi
02.06.2025 | 12:407423
5 iyun kuni bo‘ladigan Jahon chempionati saralash uchrashuvi munosabati bilan Toshkent Turizm boshqarmasi turfirmalarni BAAga guruhli sayohatlar tashkil qilmaslikka chaqirdi. Stadionda muxlislarni joylashtirishda jiddiy muammolar yuzaga kelishi mumkin.

Toshkent shahar Turizm boshqarmasi 5 iyun kuni BAAda bo‘lib o‘tadigan «O‘zbekiston – BAA» futbol uchrashuvi munosabati bilan turfirmalarga maxsus murojaat yo‘lladi. Unda mamlakat futbol jamoasiga muxlislik qilish maqsadida katta miqdorda fuqarolarning BAAga tashrifi kutilmoqdagi va bu jamoat xavfsizligi bilan bog‘liq muammolarga olib kelishi mumkinligi qayd etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda sport blogerlari va fan-klublar tomonidan keng targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Natijada, 5 ming nafarga yaqin fuqaroning BAAga safar qilish niyati bor. Ammo Abu Dabi shahridagi «Al-Vahda» jamoasining stadioni 12 ming tomoshabinga mo‘ljallangan bo‘lib, Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFC) qoidalariga ko‘ra, mehmon jamoa muxlislari uchun faqat 8 foiz (960 o‘rin) ajratilishi kerak.
Shu sababli, yurtimizdan keluvchi ko‘p sonli muxlislar stadionga kirish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi, bu esa aeroportlarda to‘planish va xavfsizlik qoidalari buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Turizm boshqarmasi aynan shunday holatlarni oldini olish maqsadida turfirmalarga turistik paketlarni sotmaslikni tavsiya qilmoqda.
Mazkur uchrashuv Jahon chempionati – 2026 saralash bosqichining 3-bosqichining yakunlanishidan oldingi bitta tur hisoblanadi. O‘zbekiston terma jamoasiga Jahon chempionatiga yo‘l olish uchun durang natija ham kifoya qiladi.





