
Toshkent viloyatida kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan narkotik moddalarni sotmoqchi bo‘lgan narkosavdogarlar fosh etildi
Chinoz va Bekobod tumanlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda xaridorga narkotik moddalarini sotayotgan narkosavdogarlar qo‘lga olindi.

Toshkent viloyatining 2 ta tumanida Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorligida mamlakatimizda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, uyushgan jinoyatchilik va giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilgan.
Tadbirlar davomida, Toshkent viloyatining Chinoz tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bekobod shahrida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs shartli xaridorga 200 g «gashish» moddasini 50 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, narkosavdogar ushbu pul mablag‘idan 6,9 mln so‘mini 1989 yilda tug‘ilgan hamshahariga bergan vaqtida u ham ushlanib, uning yonidan 500 g «gashish» moddasi topilgan.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Boshqa holatda esa Bekobod tumani hududida «Cobalt» rusumli avtotransport vositasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan Toshkent shahrida yashovchi, 1973 yilda tug‘ilgan shaxsning yonidan 600 g «opiy» moddasi topilgan.
U mazkur giyohvandlik vositasini Bekobod shahrida istiqomat qiluvchi, 1986 yilda tug‘ilgan tanishidan 5 ming AQSH dollari hamda 5 mln so‘mga sotib olganligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirilgan.
Natijada bekobodlik narkosavdogarning yashash xonadonidan 1 kg 47 g «opiy» hamda uning 2 nafar jinoiy aloqalaridan esa 335 g «opiy» moddasi olingan.
Aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositalari Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.
Ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.





