Toshkent viloyatida yiliga 5 mln dollarlik bank kartalari va SIM-kartalar ishlab chiqaradigan korxona ishga tushmoqda

Bugun 16:002 daqiqa

2025 yil davomida mamlakatimizga 35 million dollarlik mikroprotsessor modullari, sim-kartalar va turli to‘lov kartalari import qilingan. Mazkur korxona to‘liq ishga tushishi hisobiga 5 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilib, bozordagi tannarx uch-besh foizga pasayishi kutilyapti.

Toshkent viloyatida yiliga 5 mln dollarlik bank kartalari va SIM-kartalar ishlab chiqaradigan korxona ishga tushmoqda

Toshkent viloyati Ohangaron tumanida identifikatsiya uchun mo‘ljallangan mikroprotsessor modullari, sim-kartalar, shuningdek, transport, ijtimoiy va xalqaro to‘lov kartalarini ishlab chiqaradigan «Vades Group» kompaniya ishga tushmoqda. 13-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev kompaniya faoliyati bilan tanishdi.

Qiymati 15 million dollarga teng mazkur korxona mahalliy bozorni importga qaramlikdan qisman xalos etish va eksportni oshirishga qaratilgan.

Loyiha 2025 yil 22-yanvarda qabul qilingan «Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida»gi qaror doirasida amalga oshirilmoqda. Unda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va sohani modernizatsiya qilish vazifalari belgilab berilgan.

Korxonada identifikatsiya uchun mikro protsessor modullari, sim kartalar, transport, ijtimoiy va xalqaro to‘lov kartalari ishlab chiqariladi. Bu mahsulotlar raqamli davlat xizmatlari va xavfsiz to‘lov tizimlarini rivojlantirish uchun muhim ahamiyatga ega.

Germaniyaning «Infineon Technologies» kompaniyasi bilan hamkorlikda «Eltech Industrial» texnoparki hududida barpo etilayotgan majmua 4 gektar maydonni egallaydi. Ayni paytda qurilishning ikkinchi bosqichi 15 foizga bajarilgan va 7 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan.

Korxona to‘liq ishga tushgach, 100 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi. Yillik 6 million dollarlik eksport amalga oshirilishi, 5 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Bu esa ichki bozorda tannarxni 3–5 foizga pasaytirishi mumkin.

Ishlab chiqarilgan mahsulotlar Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Mozambik va Kambodjaga eksport qilinadi. Prezident korxona MDH davlatlari orasida ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha uchinchi o‘ringa chiqishi mumkinligini ta’kidlab, innovatsion yondashuv va kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Teglar

Mavzuga oid