add

Toshkent xalqaro aeroporti 2025 yilda qariyb 10 mln yo‘lovchiga xizmat qildi

Bugun 10:001 daqiqa

2025 yil yakunlariga ko‘ra, Toshkent xalqaro aeroporti 9,96 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatib, reyslar va passajir oqimi bo‘yicha rekord natija qayd etdi.

Toshkent xalqaro aeroporti 2025 yilda qariyb 10 mln yo‘lovchiga xizmat qildi

Toshkent xalqaro aeroporti 2025 yil yakunlari bo‘yicha mamlakatning eng yirik aviatuguni maqomini saqlab qoldi. Yil davomida aeroport orqali jami 40 153 ta reys amalga oshirilib, 9 964 602 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi.

Bu ko‘rsatkichlar 2024 yil bilan solishtirilganda sezilarli o‘sishni aks ettiradi. O‘tgan yili aeroport 34 789 ta reysni qabul qilgan va 8 725 521 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan edi. Natijada, yo‘lovchi oqimi 14 foizga, reyslar soni esa 15 foizga oshgan.

Yo‘lovchilarning katta qismi xalqaro yo‘nalishlarga to‘g‘ri keldi. Aeroport yil davomida Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va MDH mamlakatlari bilan muntazam aviaqatnovni ta’minladi. Shu bilan birga, ichki reyslarga bo‘lgan barqaror talab ham saqlanib qoldi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sishga marshrutlar tarmog‘ini kengaytirish, parvozlar chastotasini oshirish va aholi hamda biznes segmentida sayohat faolligining ortishi asosiy omil bo‘ldi. Aviaqatnov geografiyasining kengayishi Toshkentning mintaqaviy tranzit markazi sifatidagi rolini mustahkamladi.

Ko‘rsatkichlar O‘zbekiston aviatsiya infratuzilmasidagi islohotlar va investitsiya loyihalarining amaliy samara berayotganini, shuningdek, poytaxt aeroportining mamlakat havo qatnovidagi strategik ahamiyati oshib borayotganini ko‘rsatadi.

Avvalroq Samarqand xalqaro aeroporti 2025 yilda 1,5 million yo‘lovchiga xizmat qilgani xabar qilingan edi.

Teglar

Mavzuga oid