
Toshkent xalqaro investitsiya forumi-2025 yakunida 30,5 mlrd dollarlik shartnomalar imzolandi
13.06.2025 | 11:0041143
Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro investitsiya forumida 30,5 milliard dollarlik investitsiya va savdo bitimlari imzolandi. Forum mintaqadagi eng yirik biznes tadbirlardan biriga aylandi.
2025 yilning 9–12 iyun kunlari Toshkentda o‘tkazilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) yakunida jami 30,5 mlrd dollarlik shartnomalar va kelishuvlar imzolandi. Bu summa investitsiya va savdo sohasida tuzilgan yangi loyihalarni qamrab oladi.
Forumda 8 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashdi, ulardan qariyb 3 mingi xorijiy mehmonlar bo‘lib, 97 mamlakatdan tashrif buyurgan. Ular orasida 312 nafar rasmiy shaxslar hamda 450 nafar yuqori martabali delegatlar bor edi.
To‘rt kun davom etgan tadbir davomida 36 ta panel sessiya o‘tkazildi. Ularda dunyo bo‘ylab nufuzli investorlar, iqtisodchilar va rasmiylardan iborat 150 dan ziyod spiker qatnashdi. Mazkur sessiyalar O‘zbekiston iqtisodiyotining turli sohalaridagi istiqbollar haqida fikr almashish uchun muhim maydon bo‘ldi.
Forum doirasida bu yil ilk bor katta sanoat ko‘rgazmasi tashkil etildi. 12 ming kvadrat metr maydonda 100 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi o‘z mahsulotlari va loyihalarini taqdim etdi. Elektrotexnika, farmatsevtika, oziq-ovqat, yengil sanoat, mashinasozlik, metallurgiya, energetika, avtomobilsozlik, kimyo, moliya, turizm va IT sohalari ko‘rgazmaning asosiy yo‘nalishlari bo‘ldi.
Har kuni ko‘rgazmaga 2 mingdan ziyod mehmon tashrif buyurdi. Uning doirasida 500 dan ortiq B2B va B2G uchrashuvlar o‘tkazildi. Bu biznes uchrashuvlar O‘zbekiston va xorijiy kompaniyalar o‘rtasida yangi aloqalarni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma loyihalarni muhokama qilish uchun imkoniyat yaratdi.





