
Toshkentda 200 mln dollarlik mehmonxona quriladi
11.10.2025 | 21:3243633
Toshkent shahrida umumiy qiymati 200 million dollar bo‘lgan «Ritz-Carlton» besh yulduzli mehmonxonasi va turar-joy majmuasi qurilishi boshlandi.

Toshkentda xalqaro «Ritz-Carlton» brendi ostida zamonaviy besh yulduzli mehmonxona va turar-joy majmuasi barpo etilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 200 million AQSH dollarini tashkil etadi. Bu haqda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumot berdi.
10 oktyabr kuni vazir o‘rinbosari Xurram Teshabayev Ozarbayjonning «PASHA Real Estate» kompaniyasi rahbari Elchin Gadimov bilan uchrashib, loyihani amalga oshirish jarayonlarini muhokama qildi. Uchrashuvda qurilish ishlari jadal sur’atda davom etayotgani ta’kidlandi.
Britaniyaning «Benoy» kompaniyasi hamkorligida ob’ektning bosh rejasi ishlab chiqilgan. Hozirda yerosti inshootlar qurilishi yakuniga yetmoqda va yili oxiriga qadar binolarning ustki konstruksiyalarini barpo etish ishlari boshlanadi.
Tomonlar loyihani belgilangan muddatlarda va xalqaro sifat standartlariga mos ravishda amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldi. Shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, «Pasha Holding» 2006 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bank va moliya, sug‘urta, investitsiya, qurilish va texnologiya sohalarida faoliyat yuritadi.





