
Toshkentda 2025 yil oxirigacha 50 ming «aqlli» suv hisoblagich o‘rnatiladi
11.08.2025 | 08:0047823
Suez hamkorligidagi 7 yillik loyiha doirasida «aqlli» hisoblagichlar stolitsa suv ta’minoti tizimini avtomatlashtirish va aniq ma’lumotlar bazasini yaratishga xizmat qiladi.

«Toshkent shahar suv ta’minoti» matbuot kotibi Ravshan Yoqubjonovning O’zbekiston 24 telekanaliga ma’lum qilishicha, 2025 yil oxiriga qadar poytaxtda 50 mingta «aqlli» sovuq suv hisoblagichlari o‘rnatiladi. Loyiha Fransiyaning Suez kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan 7 yillik suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish dasturining bir qismi hisoblanadi.
Ilk bosqichda «aqlli» hisoblagichlar Shayxontohur tumanida o‘rnatilib, ikki yil davomida sinovdan o‘tkazilgan va texnik kamchiliklar bartaraf etilgan. 10 kun oldin Yangihayot tumanida o‘rnatish ishlari boshlandi. Yil oxiriga qadar aynan shu tumanda 50 ming hisoblagich joylashtirish rejalashtirilgan.
Yoqubjonovning ta’kidlashicha, yangi hisoblagichlar orqali aholi ko‘rsatkichlarni o‘z qo‘li bilan topshirishdan xalos bo‘ladi. Bu «O‘zsuvta’minot» poytaxt filialiga xatolarsiz ma’lumot bazasini shakllantirish, abonent va ta’minlovchi o‘rtasidagi tushunmovchiliklarni bartaraf etish va tarmoqlarda suv taqsimotini yaxshilash imkonini beradi.
Kelgusi 5 yilda jami 670 mingta «aqlli» hisoblagich o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Ularni almashtirish iste’molchilar uchun mutlaqo bepul bo‘ladi, xarajatlar «O‘zsuvta’minot» tomonidan qoplanadi. Hisoblagichlarning kafolat muddati 5 yil bo‘lib, shu davrda aniqlangan har qanday nosozlik ishlab chiqaruvchi tomonidan kafolat shartlariga muvofiq bartaraf etiladi.
Suez bilan hamkorlikdagi modernizatsiya rejasi 2023 yil avgust oyida boshlangan. Dastur doirasida hisoblagichlar o‘rnatishdan tashqari, suv sifati nazorati sensorlarini joylashtirish, suv minoralari va nasos stansiyalarida energiya sarfini optimallashtirish hamda tozalash inshootlarini yangilash nazarda tutilgan.





