add

Toshkentda 2030 yilgacha 20 mln yo‘lovchiga xizmat qiladigan yangi aeroport quriladi

02.08.2025 | 13:3023043

Uzbekistan Airports rahbari Javlonbek Umarxo‘jayev ma’lum qilishicha, Toshkent viloyatida 2030 yilga qadar yillik 20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan zamonaviy xalqaro aeroport quriladi. Loyihani 10 yilga kechiktirish mamlakat YAIMiga $8,6 mlrd zarar yetkazishi mumkin.

Toshkentda 2030 yilgacha 20 mln yo‘lovchiga xizmat qiladigan yangi aeroport quriladi

Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishi rejalashtirilmoqda. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilib, xorijiy tajribaga ega yetakchi kompaniyalar jalb etiladi. Yangi aeroport Toshkent xalqaro aeroportidan 17 km uzoqlikda, poytaxtning janubiy qismida, Toshkent–Samarqand pulli yo‘li yaqinida joylashadi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov ta’kidlashicha, viza rejimining yengillashishi va turistlar oqimining ortishi aviaparkni kengaytirish hamda havo transporti infratuzilmasini modernizatsiya qilish zaruratini kuchaytirgan. Joriy yilda O‘zbekiston aeroportlarida yo‘lovchi oqimi o‘tgan yilga nisbatan 13 foizga oshgan. Mavjud Toshkent aeroporti yillik 11 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi, ammo 2030 yilga kelib uning imkoniyatlari to‘liq ishlatilib bo‘ladi.

Javlonbek Umarxo‘jayevning aytishicha, yangi aeroport birinchi bosqichda yiliga 20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish, 169 ta samolyotni joylashtirish va soatiga 40 dan ortiq uchish-qo‘nish amaliyotini ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ilk bosqichda 14 ta yo‘lovchi ko‘prigi qurilib, keyin ularning soni 45 taga yetkaziladi.

Loyihani amalga oshirish kechiksa, O‘zbekiston mintaqaviy aviatsiya xabiga aylanish imkoniyatini yo‘qotishi mumkin. Shu bois prezident loyihani xalqaro standartlar asosida, tez va sifatli amalga oshirishni topshirdi.

Dastlabki baholashga ko‘ra, qurilish qiymati $1,5 mlrd ni tashkil etadi. 2025 yilda konsepsiya ishlab chiqilib, xususiy sherik tanlanadi, 2026 yil dekabriga qadar esa davlat-xususiy sheriklik bitimi imzolanishi rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid