
Toshkentda 46 ming nafar qarzdor iste’molchi suv ta’minotidan uzildi
O‘zbekistonda yil boshidan beri 62,4 ming nafar qarzdor iste’molchi suv ta’minotidan uzildi. Qarzdorliklar o‘tgan yilga nisbatan 34 foizga kamaygan.

Shu yilning yanvar–oktabr oylarida nazorat organlari bilan hamkorlikda ichimlik va oqova suv tarmoqlariga jami 4 351 ta noqonuniy ulanish holati aniqlandi. Bu haqda «Toshkent shahar suv ta’minoti» AJ matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahri 488 ta holat bilan eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan. Sirdaryo viloyatida 433 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 425 ta va Xorazm viloyatida 419 ta huquqbuzarlik aniqlangani ma’lum qilindi.
Mazkur qonunbuzarliklar jamiyat manfaatlariga 82 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazgan. Shu mablag‘ning 33,6 milliard so‘mlik qismi to‘liq qoplab berilgan.
Qarzdorliklarni qisqartirish maqsadida yil davomida 123,4 ming nafar qarzdor iste’molchiga nisbatan fuqarolik va iqtisodiy sudlarga 358,4 milliard so‘mlik da’vo arizalari kiritilgan. Shuningdek, mamlakat bo‘yicha 62,4 ming jismoniy va yuridik iste’molchi qarzdorligi uchun suv ta’minoti tarmog‘idan uzilgan. Eng ko‘p uzilishlar 46 mingta holat bilan Toshkent shahrida qayd etilgan.
Ta’kidlanishicha, amalga oshirilgan choralar natijasida iste’molchilar debitor qarzdorligi 2025 yil boshiga nisbatan 203 milliard so‘mga, ya’ni 22 foizga kamaygan. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa qarzdorliklar 364 milliard so‘m yoki 34 foizga qisqargan.





