
Toshkentda 560 ming dollar saqlangan seyf o‘g‘irlandi
04.08.2025 | 20:2049182
Mirobod tumanidagi ofisdan 560 ming dollar saqlangan seyf o‘g‘irlandi. Gumondorlardan biri uni bolgarka bilan ochib, pullarni olib, seyfni kanalga tashlagan.

Toshkent shahrining Mirobod tumanida joylashgan xususiy kompaniya ofisidan 560 ming AQSH dollari, muhim hujjatlar va fleshka saqlangan seyf o‘g‘irlandi. Bu haqda shahar Ichki ishlar boshqarmasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ikkita erkak kechasi Gentra rusumli avtomobilda kelib, ofis eshiklarini buzib kirgan. Ular kompaniya rahbari kabinetidagi seyfni ko‘tarib chiqib ketgan.
Kuzatuv kameralari yordamida gumondorlar shaxsi aniqlandi. Ularning bir nafari Andijonda qarindoshinikida ushlangan. Tergovda u seyfni bolgarka orqali ochib, pullarni olgani, bo‘sh seyf esa kanalga tashlangani ma’lum bo‘ldi.
Qo‘lga tushgan shaxs pulning bir qismini sherigiga bergan, qolganiga Honda mototsikli sotib olgan hamda 10 ming dollarni chet elga qochish harakatlari uchun tayyorlab qo‘ygan. Hozirda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, keltirilgan moddiy zarar to‘liq qoplangan va tergov harakatlari davom etmoqda.





