add

Toshkentda BMTning giyohvandlikka qarshi CHAMPS loyihasi Ishga tushirildi

05.12.2025 | 09:352 daqiqa

Bolalar orasida psixoaktiv moddalar iste’molining oldini olishga qaratilgan loyihaning ilk pilot hududi Sergeli tumani bo‘ldi.

Toshkentda BMTning giyohvandlikka qarshi CHAMPS loyihasi Ishga tushirildi

Toshkent shahrida BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda bolalar orasida zararli xatti-harakatlarning oldini olishga qaratilgan xalqaro CHAMPS loyihasi rasman boshlandi.

Ushbu tashabbus davlat va nodavlat tashkilotlarni bolalar o‘rtasidagi noxush ijtimoiy holatlarning erta profilaktikasi yo‘lida birlashtirishni maqsad qilgan.

Loyiha doirasida bolalarning hayotiy va ijtimoiy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda xavf guruhidagi voyaga yetmaganlarga manzilli yordam ko‘rsatishning yagona va integratsiyalashgan tizimi yaratiladi. Mazkur strategik qadam mamlakatda sog‘lom avlodni tarbiyalash borasidagi davlat siyosatining muhim qismi hisoblanadi.

Poytaxtda bo‘lib o‘tgan tadbirda Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi direktori Ravshan Mamatov va BMTning mintaqaviy vakili Oliver Stolpe ishtirok etdi. Shuningdek, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Azamat Pardayev bolalar xavfsizligini ta’minlashda mahalliy boshqaruv organlarining roli haqida so‘z yuritdilar. Uchrashuv davomida loyihaning tashkiliy va huquqiy asoslari muhokama qilindi.

O‘zbekistonda CHAMPS tashabbusini amalga oshirish uchun birinchi pilot hudud sifatida Toshkent shahrining Sergeli tumani tanlab olindi. Hozirda ushbu tumanda mavjud profilaktika infratuzilmalari holati xalqaro ekspertlar tomonidan atroflicha baholanmoqda. Mutaxassislar bolalarning sog‘lom rivojlanishini ta’minlovchi asosiy parametrlarni ishlab chiqish va amaldagi tizimni xalqaro standartlarga moslashtirish ustida ish olib bormoqdalar.

Tashabbusning asosiy vazifasi voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik va giyohvandlik kabi illatlarning tarqalishiga qarshi mustahkam ijtimoiy qalqon yaratishdan iborat. Bunda nafaqat davlat idoralari, balki jamoatchilik tuzilmalari ham faol ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Sergeli tumanida to‘plangan tajriba kelgusida mamlakatning boshqa hududlariga ham tatbiq etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu tizimli yondashuvni ta’minlaydi.

Teglar

Mavzuga oid