
Toshkentda «do‘kon», «mini market» va «dorixona» kabi peshlavhalarga ham soliq solinmoqda
01.10.2025 | 21:4549337
Hokimiyat ularni «tashqi reklama» deb baholayapti va tadbirkorlardan har bir ortiqcha metr kvadrati uchun oyiga 60 ming so‘m to‘lov talab qilmoqda. Soliq to‘lamaganlar esa peshlavhalarini olib tashlashlari yoki 30 million so‘m jarima to‘lashlari kerak bo‘ladi.

Toshkent shahridagi barcha do‘konlar, supermarketlar, dorixonalar, ishxona va kafelar tepasiga ilingan peshlavhalar ommaviy tarzda olib tashlanmoqda. Agar olib tashlashmasa, soliq va jarima to‘lashlariga to‘g‘ri keladi.
Toshkentdagi do‘konlar va dorixonalarga shahar hokimligining Raqamli rivojlanish departamenti do‘kon va dorixonalardagi nom yozilgan peshlavhalarni «noqonuniy tashqi reklama»deb baholab, ularni olib tashlashni talab qilmoqda. Bu talab hatto «mini market», «dorixona», «go‘sht do‘koni» kabi oddiy yozuvlarga ham qo‘llanmoqda.
Tadbirkorlarga ko‘ra, ular peshlavhalarning bir metr kvadratdan ortiq qismi uchun har bir metr kvadratiga 60 ming so‘mdan oyiga soliq to‘lashi kerak. Soliq to‘lamaganlar peshlavhalarini olib tashlashlari kerak, bo‘lmasa 30 mln so‘m jarima yoziladi.
«Shu desangiz, kecha hokimyatdan ikki kishi keldi, bizni ogohlantirib ketishdi. Ko‘rib turganingizdagidek, magazinimiz tepasidagi «Sevaras» yozuvini tashqi reklama deb hisoblab, bu uchun biz pul to‘lashimiz kerakligi haqida ogohlantirib ketishdi. Men bu logotipim, ya’ni nomim uchun davlatga har bitta metr kvadrati uchun 60 ming so‘mdan to‘lashim kerak ekan. Minimal hisobda 1 metr kvadrat ekan. Undan oshganiga 60 ming so‘mdan to‘lov qilishim kerak ekan davlatga har oy. Men tushunmayapman, guvohnomamda Sevara Salimova deb yozilgan va shuni qisqartirilgan varianti aslida «Sevaras» degan nom. Va nimaga men magazinimning tepasiga qo‘ygan nomim uchun davlatga pul to‘lashim kerak? Tashqi reklama nima ekanini men judayam yaxshi bilaman. nimaga men magazinimning nomini qo‘yganim uchun pul to‘lashim kerak, bu logikaga to‘g‘ri kelmayapti. Mun kichkinagina, hech kimga ko‘rinmaydigan qilib qo‘yib qo‘yishim kerakmi yoki tashqariga chiqib, «kelinglar ikkinchi etajda mening magazinim bor» deb chaqirishim kerak bo‘lyaptimi? Men davlatga soliq to‘layapman, nima kerak bo‘lsa hammasi joy-joyida, lekin dokumentdagi nomimning qisqartirilgan variantini qo‘yganim uchun nimaga soliq to‘lashim kerak. Mana boshqalar ham olib tashlashyapti, chunki uch kun ichida olib tashlamasak bizga jarima qo‘llasharkan va o‘zlari kelib demontaj qilib ketisharkan. Buning uchun 30 mln jarima yozisharkan. Hozir bitta bizga emas, juda ham ko‘p magazinlarga kelishgan, ularga ham yoki olib tashla yoki har oy to‘lov qil deyishyapti», - deydi «Sevaras» do‘koni egasi Sevara Salimova.
Biznes-ombudsman rasmiysi Jamshid Hasanovga ko‘ra, bu qonuniy qaror. Bu Vazirlar Mahkamasining 2020 yil fevraldagi 104-sonli qarorida belgilangan. Unga ko‘ra, axborot beruvchi peshlavhalar yuzasi 1 kvadrat metrdan ortiq bo‘lishi kerak emas. Aks holda, ular tashqi reklama deb baholanadi va belgilangan tartibda reklama joyining pasporti rasmiylashtirilib, to‘lov qilinishi lozim.
«Qaror qonuniy, lekin adolatli emas. Masalan, «dorixona» so‘zi brend yoki tovar nomi emas. Biroq, agar yozuv 1 metr kvadratdan katta bo‘lsa, reklama sifatida baholanmoqda. Bu hukumatning 104-sonli qarorida ko‘rsatilgan. Biz qarorga o‘zgartirish kiritish masalasini ko‘rib chiqyapmiz», - degan u.





