add

Toshkentda eshitish va so‘zlashda nuqsonli fuqarolar avtoturargohga rasman ishga qabul qilinadi

29.07.2025 | 11:1536983

«Poytaxt Parking» kompaniyasi Toshkentda eshitish va so‘zlashda nuqsoni bor shaxslarni avtoturargohlarda rasman ishga olishni boshladi. Bu tajriba loyihasi ham inklyuziv bandlikni ta’minlash, ham shahar ko‘chalarida to‘xtash tizimini yaxshilashga qaratilgan.

Toshkentda eshitish va so‘zlashda nuqsonli fuqarolar avtoturargohga rasman ishga qabul qilinadi
2025 yil may oyidan boshlab Toshkentda pulli avtoturargohlar tashkil etayotgan «Poytaxt Parking» kompaniyasi eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan fuqarolarni rasman ishga joylashtirishni boshladi. Tajriba loyihasi doirasida dastlab to‘rt nafar shaxs avtoturargoh nazoratchisi vazifasiga qabul qilindi. Kompaniya jamoada muloqotni yengillashtirish uchun surdotarjimonni yolladi. Shuningdek, har bir xodimga maxsus tayyorlov kurslari o‘tkazildi: ularga yo‘l harakati qoidalari, xizmat ko‘rsatish standartlari va mobil ilova bilan ishlash o‘rgatildi. Treninglar to‘liq surdotarjimon ko‘magida amalga oshirildi. Eshitish va so‘zlashda nuqsoni bor xodimlar yo‘nalishlarda yordamchi vazifalarni bajaradi: haydovchilarga mashinani to‘g‘ri joylash, qoidalarga amal qilish va to‘xtash joylarini nazorat qilishda yordam beradi. Ular maxsus piktogrammali kartalar, imo-ishoralar va QR-kodli ko‘rsatmalardan foydalanadi. Kompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, dastlabki bosqichda ishonchsizlik va ishga joylashishga bo‘lgan shubhalar kuzatilgan. Ayrim fuqarolar hali ham norasmiy ravishda avtoturargohlarda ishlashda davom etmoqda. Bu holat xususan pulli to‘xtash hali joriy etilmagan hududlarda ko‘proq uchrayotgani aytilmoqda. Loyiha hozircha sinov tarzida amalga oshirilmoqda. Agar dastlabki ishtirokchilar natijalari ijobiy bo‘lsa, «Poytaxt Parking» bunday ishga jalb qilish amaliyotini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Kompaniya fikricha, inklyuziv bandlik ham norasmiy ish bilan bandlikni kamaytiradi, ham shahar muhitini tartibga solishga hissa qo‘shadi. Avvalroq, Toshkentda «Poytaxt Parking» kompaniyasi pulli avtoturargohlar uchun ilova ishga tushirilishi haqtda yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid