add

Toshkentda havo ifloslanishini kamaytirish bo‘yicha yangi dastur ishlab chiqildi

27.10.2025 | 10:554561

Ekologiya vazirligi Toshkent shahri va viloyatida havo ifloslanishini kamaytirish va havo sifatini yaxshilashga doir yangi qaror loyihasini hukumatga taqdim etdi.

Toshkentda havo ifloslanishini kamaytirish bo‘yicha yangi dastur ishlab chiqildi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi poytaxt va uning atrof hududlarida atmosfera havosini yaxshilash, ifloslanish darajasini pasaytirish hamda iqlim o‘zgarishi ta’sirini yumshatishga qaratilgan qaror loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan. Loyiha asosiy e’tiborni sanoat korxonalari va issiqxona xo‘jaliklaridan chiqadigan iflos moddalarni kamaytirishga qaratgan. Bu hozirgi kunda Toshkent mintaqasidagi eng dolzarb ekologik muammolardan biri hisoblanadi.

Taklif etilgan choralar qatorida sanoat korxonalari va issiqxonalarda chang hamda gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish, mavjud qozonlarni zamonaviy, energiya jihatdan samarador va ekologik toza tizimlar bilan almashtirish belgilangan. Shuningdek, ko‘mir yoqilg‘isini bosqichma-bosqich boshqa muqobil energiya manbalariga almashtirish ham ko‘zda tutilmoqda.

Loyihada ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilishga, chiqindilarni tozalash inshootlari va havo monitoringi stansiyalarini joriy etishga qaratilgan moliyaviy rag‘batlar tizimi ham nazarda tutilgan. Bu grantlar va boshqa iqtisodiy imtiyozlar orqali amalga oshirilishi mumkin.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, ushbu choralar amalga oshirilsa, atmosferaga chiqariladigan iflos moddalar hajmi sezilarli darajada kamayadi, aholi uchun sog‘lom muhit yaratiladi va «yashil iqtisodiyot» tamoyillariga asoslangan ekologik barqarorlik ta’minlanadi.

Teglar

Mavzuga oid

Toshkentda havo ifloslanishini kamaytirish bo‘yicha yangi dastur ishlab chiqildi | Vaqt.uz