
Toshkentda havoni ifloslantirayotgan 15 ta obyekt qurilishi to‘xtatildi
Ekologiya qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Qurilish vazirligi, Energoinspeksiya, Qurilish inspeksiyasi va Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan Toshkent shahrining 12 ta tumanida reyd o‘tkazildi.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Qurilish vazirligi, Energoinspeksiya, Qurilish inspeksiyasi, Sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa tegishli vazirlik hamda idoralar tomonidan Toshkent shahrining 12 ta tumanidagi qurilish ob’ektlari kompleks o‘rganildi. Bu haqda Ekoqo‘mita axborot xizmati xabar berdi.
Ushbu o‘rganish ishlariga 140 nafar xodim jalb etildi. Tadbirlar davomida 96 ta qurilish ob’ekti ko‘zdan kechirildi. Shundan 60 ta holatda havoning chang va qum bilan ifloslanishining oldini olish bo‘yicha majburiy talablar buzilganligi aniqlandi. Shuningdek, 47 ta holatda qurilish maydonining 25 foizini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha talab bajarilmagan.
Aniqlangan huquqbuzarliklarga qarshi qat’iy chora ko‘rildi. Jumladan, 15 ta ob’ektda qurilish ishlari vaqtincha to‘xtatildi. 70 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi va 68 nafar shaxs rasmiy ogohlantirildi.
Bundan tashqari, 24 ta ob’ektda suv yuvish moslamalari o‘rnatilishi ta’minlandi, 62 ta ob’ektda esa avtomashinalar shinalarini yuvish uchun basseynlar yaratildi.
Avvalroq Ekologiya qo‘mitasi va YHXB reydlari davomida yuk mashinalarida yukni berkitish qoidalari buzilgan holatlar aniqlanib, haydovchilarga chora ko‘rilgandi.





