
Toshkentda haydovchilardan pul undirib kelgan jinoiy guruh ushlandi
Poytaxt va Toshkent viloyati o‘rtasida qatnovchi haydovchilaridan pul undirib kelgan uyushgan jinoiy guruh qo‘lga olindi.

Toshkent viloyati va poytaxt yo‘nalishida harakatlanuvchi taksi haydovchilaridan noqonuniy pul talab qilib kelgan uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. IIV matbuot kotibiga ko‘ra, mazkur tergov harakatlari bir fuqaroning rasmiy arizasi asosida boshlangan.
Ma’lum qilinishicha, guruh a’zolari Toshkent viloyatidan Toshkent shahri Yashnobod tumaniga qatnovchi haydovchilarga tahdid o‘tkazib, o‘zboshimchalik bilan oylik to‘lov joriy etgan. Ular haydovchilarni yo‘nalishda harakatlanishiga to‘sqinlik qilib, noqonuniy daromad orttirishga uringan.
Jinoiy guruhga «Bichok» laqabli shaxs boshchilik qilgan. IIV ma’lumotlariga ko‘ra, u 37 yoshli Sh.A. bo‘lib, avval uch marotaba Jinoyat kodeksining bezorilik moddasi bilan sudlangan. U sheriklari bilan birgalikda «Damas» avtomashinasi haydovchisini kaltaklab, tan jarohati yetkazgan va transport vositasini zo‘rlik ishlatib olib qo‘ygan.
Guruh a’zolari jabrlanuvchini hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy ziyon yetkazish bilan qo‘rqitib, Yashnobod tumani hududiga qatnovni amalga oshirish uchun oldindan ikki oylik to‘lov sifatida 810 dollar talab qilgan. Keyinchalik to‘lovlar to‘liq amalga oshirilmagani sababli haydovchiga yo‘nalishga chiqish taqiqlab qo‘yilgan.
Qayd etilishicha, jinoiy guruh harakatlari natijasida bir qator haydovchilarning faoliyati izdan chiqqan, ular doimiy ravishda tahdid va bosim ostida qolgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bu kabi holatlarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.
Ushbu hodisa yuzasidan guruh yetakchisi va uning sheriklariga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «v» bandi — uyushgan guruh tomonidan tovlamachilik qilish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.
IIV fuqarolarni shunga o‘xshash holatlardan jabr ko‘rgan taqdirda ichki ishlar organlariga yoki 102 raqamiga murojaat qilishga chaqirib, murojaat etuvchilarning shaxsi sir saqlanishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, 26-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida jinoiy to‘dalar iqtisodiyot va jamiyatga tahdid ekanini ta’kidlab, ularga barham berilishini ta’kidlagandi.





