
Toshkentda «Hyundai» va «Kia» tovar belgilaridan noqonuniy foydalanishga chek qo‘yildi
20.06.2025 | 16:2039803
Janubiy Koreyaning mashhur avtokompaniyalari — «Hyundai» va «Kia» tovar belgilari Toshkentda ayrim tadbirkorlar tomonidan noqonuniy ravishda ishlatilgan. Mutasaddi organlar bu holatlarga javob qaytardi va huquqbuzarliklarni bartaraf etdi.

Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi ayrim tadbirkorlik sub’ektlari «Hyundai» va «Kia» kompaniyalariga tegishli tovar belgilariga egalik huquqi bo‘lmagan holda ulardan foydalangani aniqlandi. Adliya vazirligi qoshidagi Intellektual mulk agentligiga Janubiy Koreya kompaniyalari vakillari tomonidan berilgan rasmiy murojaatlar orqali huquqni muhofaza qiluvchi organlar e’tiboriga tushgan.
O‘tkazilgan tekshiruvlar davomida tadbirkorlar tomonidan mazkur tovar belgilari reklama va tashqi ko‘rinishda qo‘llangani tasdiqlandi. Xususan, bino fasadlaridagi yozuvlar va logotiplar «Hyundai» hamda «Kia» ga mansub bo‘lsa-da, ular uchun rasmiy litsenziya va ruxsatnoma mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.
Nazoratchi organlar ushbu holatlarning barchasini joyida bartaraf etdi. Bino peshlavhalaridagi belgilar olib tashlandi va huquqbuzarliklar qat’iy choralar asosida bartaraf etildi. Tadbirkorlarga nisbatan belgilangan qonunchilikka muvofiq huquqiy ta’sir choralari ko‘rildi.
Mutasaddilar tomonidan ta’kidlanishicha, intellektual mulk huquqini himoya qilish har qanday biznes sub’ektlari uchun majburiy talab bo‘lib, tovar belgilari faqat huquq egalarining ruxsati bilan qo‘llanilishi lozim.





