
Toshkentda issiq suv va isitish tariflari yana sezilarli oshishi mumkin
13.08.2025 | 09:2424544
Veolia Energy Tashkent 2025 yil 1 oktyabrdan aholi, yuridik shaxslar va byudjet tashkilotlari uchun issiq suv hamda isitish narxlarini sezilarli oshirishni taklif qilmoqda.

Toshkent shahrida issiq suv va issiqlik ta’minoti xizmatlari tariflarini navbatdagi oshirish rejalashtirilmoqda, deb yozmoqda Gazeta.uz. Bu haqda 12 avgust kuni xalq deputatlari shahar kengashi yig‘ilishida Veolia Energy Tashkent bosh direktori Sevara Pardayeva ma’lum qildi. Uning aytishicha, poytaxt aholisi hozirgi kunda xizmatlar qiymatining atigi 18 foizini to‘lab, qolgan qismini shahar byudjeti subsidiya shaklida qoplab bermoqda.
Hukumat 2030 yilga qadar subsidiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilishni rejalashtirgan. Shu bois 2025 yil 1 oktyabrdan aholi uchun tariflarni 15 foizga, yuridik shaxslar uchun 40 foizga, byudjet tashkilotlari uchun esa 19 foizga oshirish taklif etilmoqda. Yangilangan narxlarga ko‘ra, ko‘p qavatli uylarda yashovchilar uchun chakana tarif QQSsiz 121,6 ming so‘mdan 139 ming so‘m/Gkalga ko‘tarilishi mumkin.
Pardayevaning ta’kidlashicha, hozirgi vaqtda davlat korxonalari va xususiy yuridik shaxslar o‘rtasidagi tarif tafovuti katta. Masalan, bir gigakaloriya uchun davlat korxonalari 801 ming so‘m to‘lasa, yuridik shaxslar atigi 241 ming so‘m to‘lamoqda. Bu holat byudjetga qo‘shimcha yuk yuklayotgani qayd etildi.
Kompaniya 2019 yildagi davlat-xususiy sheriklik shartnomasiga ko‘ra har yili kamida 30 foizlik oshirishni nazarda tutgan bo‘lsa-da, amalda 2022 yildan tariflar bosqichma-bosqich oshirilmoqda. O‘tgan yili yuridik shaxslar uchun 50 foizlik oshirish taklifi qabul qilinmagan va 15 foiz bilan cheklangani sababli kompaniya 75 mlrd so‘m zarar ko‘rgan.
Yangi taklif ma’qullansa, yuridik shaxslar uchun narx 342,3 ming so‘mga, byudjet tashkilotlari uchun esa 954,3 ming so‘mgacha ko‘tariladi. Veolia Energy Tashkent keyingi besh yilda xizmatlar to‘lovini to‘liq iste’molchilar zimmasiga o‘tkazishni maqsad qilgan.





