
Toshkentda kiberfiribgarlar 1 mlrd so‘mga yaqin pul o‘g‘irladi
14.07.2025 | 19:208213
IIV ma’lumotiga ko‘ra, Telegram orqali tarqatilgan zararli fayllar orqali 117 ta bank kartasiga noqonuniy kiruv amalga oshirilib, 1 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ o‘g‘irlangan. Jinoiy guruh a’zolari ushlangan, tergov harakatlari davom etmoqda.

Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti va Kiberxavfsizlik markazi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan olib borilgan tadbirlar natijasida bank kartalaridan pul o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi.
Ma’lum qilinishicha, jinoyatchilar Android qurilmalari uchun maxsus tayyorlangan .apk formatidagi zararli fayllarni Telegram orqali tarqatishgan. Faylni yuklab olgan foydalanuvchilarning telefonlaridagi SMS-xabarlar, kontaktlar, qo‘ng‘iroqlar tarixi va boshqa shaxsiy ma’lumotlarga noqonuniy kirish ta’minlangan.
Jinoyatchilar ushbu ma’lumotlar asosida fuqarolarning bank kartalari va ularga bog‘langan telefon raqamlari orqali tasdiqlash kodlarini qo‘lga kiritib, mablag‘larni o‘zlashtirishgan. Tekshiruvlar davomida ular tomonidan 177 ta bank kartasiga kiruv amalga oshirilgani va qariyb 1 milliard so‘m mablag‘ o‘g‘irlangani aniqlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, guruh a’zolari turli davlat fuqarolari bo‘lib, ular Telegram'da maxsus yopiq guruh yaratib, unda o‘g‘irlangan ma’lumotlarni saqlashgan. Firibgarlik va o‘g‘irlik harakatlari maxsus call-markaz orqali boshqarilgan.
Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) asosida ish qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilar ushlangan, tergov harakatlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, guruhning boshqa ishtirokchilarini aniqlash bo‘yicha tezkor-qidiruv ishlari davom etmoqda.





