
Toshkentda kuniga ishlatiladigan ichimlik suvi kishi boshiga 270 litrdan to‘g‘ri kelmoqda
05.08.2025 | 18:3240024
Mutasaddilar suvdan bu darajada haddan tashqari foydalanish ichimlik suvi zaxiralari cheklangan O‘zbekiston uchun jiddiy xavf ekanini ta’kidlamoqda.

«O‘zsuvta’minot» AJ matbuot kotibi Akmal Murodovning aytishicha, Toshkentda har bir kishi kuniga o‘rtacha 230–270 litr ichimlik suvi ishlatadi. Bu ko‘rsatkich respublika bo‘yicha eng yuqori hisoblanadi. Eng past sarf Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan bo‘lib, u yerda har bir kishi kuniga 80–100 litr suvdan foydalanadi. Jahon standartlariga ko‘ra, 120–150 litr suv sarfi ham yuqori, deb baholanadi.
Murodovga ko‘ra, ko‘plab rivojlangan davlatlarda suv sarfi miqdori past ko‘rinadi, ammo bu ularning suvdan kam foydalanishini anglatmaydi. Aksincha, ular suvni tejab va maqsadli ishlatadi. O‘zbekistonda esa ko‘p hollarda ichimlik suvi transport yuvish, basseyn to‘ldirish yoki maishiy ehtiyojlarda ortiqcha sarflanadi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, mamlakat suv zaxiralarining faqat 20 foizi o‘z hududida shakllanadi, qolgani esa qo‘shni davlatlardan keladi. Shu bois suvdan noto‘g‘ri foydalanish katta xavf tug‘diradi. 2030 yilga kelib, O‘zbekistonda 7 milliard kub metr suv tanqisligi yuzaga kelishi mumkin.
Suv xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mavjud suv infratuzilmasi ob’ektlarining ko‘pchiligi 30–40 yil oldin qurilgan va hozirda ta’mirga muhtoj. Suvni tejash bo‘yicha loyihalar uchun kamida 19 mlrd dollar mablag‘ talab etiladi. Buning 4 mlrd dollari nasos stansiyalarini yangilashga, qolgan qismi esa suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga sarflanishi rejalashtirilgan.
Jahon meteorologiya tashkiloti va BMT hisobotlariga ko‘ra, 2050 yilga borib 5 milliarddan ortiq kishi turli darajada suv tanqisligidan jabr ko‘radi, hozirning o‘zida esa 2,4 milliard kishi suv yetishmovchiligi sharoitida yashamoqda.





