
Toshkentda kvartiralar metr kvadrati 1 mln so‘mdan rasmiylashtiriladi — Qudbiyev
18.07.2025 | 21:4015343
Toshkentda 2 mingta holatda uy-joylarning har bir kvadrat metri atigi 1 million so‘m deb rasmiylashtirilgan.

17 iyul kuni Savdo-sanoat palatasida qurilish sohasi va davlat organlari vakillari o‘rtasida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev uy-joylarning haqiqiy qiymatini yashirish holatlari haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning ilk yarmida 2000 ta holatda uy-joylarning har bir metr kvadrati1 million so‘m deb ko‘rsatilgan. Bu kabi bitimlar bo‘yicha umumiy maydon 353 ming kvadrat metrni tashkil etgan. Bundan tashqari, 9300 ta holatda 1–3 million so‘m, 13,5 mingta bitimda esa 3–5 million so‘m narxda ko‘rsatilgan holda notarial rasmiylashtirish amalga oshirilgan.
Qudbiyev Toshkent shahrida uy-joylarning minimal narxini har bir metr kvadrat uchun kamida 500 dollar qilib belgilashni taklif qildi. Unga ko‘ra, bu amaliyot qonuniy ishlaydigan quruvchilarni himoya qilish uchun zarur.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ham uy-joy narxlarini sun’iy pasaytirish ommalashganini ta’kidlab, quruvchilardan kvadrati 5 million so‘mdan arzonroq kvartiralar qayerda sotilayotganini ko‘rsatishlarini so‘radi.
Muloqot yakunida Qudbiyev Quruvchilar assotsiatsiyasini poytaxtda minimal uy-joy narxini belgilash bo‘yicha aniq takliflar tayyorlashga chaqirdi.





