
Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari yig‘ilmoqchi
04.08.2025 | 21:4534023
Joriy yil kuzda Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuvida ma’lum bo‘ldi.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik doirasida hukumatlararo komissiyalar yig‘ilishlari, Ishbilarmonlar kengashi, Hududlar forumi, qator madaniy tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. suhbat davomida BMT konferensiyasi kun tartibi hamda joriy yil kuzda Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi yuzasidan atroflicha fikr almashilgan.
Shuningdek, joriy yil aprel oyida Samarqand shahrida o‘tgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Turkmaniston yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.
Do‘stlik, o‘zaro ishonch va umumiy manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlik sur’ati ortib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan.
«Barcha darajalarda samarali va faol muloqotlar davom etmoqda. Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash 600 million dollarni tashkil etdi. Sanoat, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperatsiya chuqurlashib bormoqda. Birgalikda "Shovot-Toshovuz" chegaraoldi savdo zonasi tashkil etilmoqda, faol hududlararo aloqalar va gumanitar almashinuvlar davom ettirilmoqda», - deyiladi xabarda.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining an’anaviy maslahat uchrashuvini doimiy o‘tkazib borish taklifini 2017 yilda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasidagi ma’ruzasida ilgari surgan edi. Birinchi sammit 2018 yil mart oyida Qozog‘iston poytaxti Nur-Sultonda o‘tkazilgan.





