
Toshkentda quruvchilar daraxtlarga qasddan zarar yetkazayotgani aytilmoqda
Olmazor tumanidagi poliklinika ta’miri vaqtida yosh daraxtlar qurilish chiqindilari va bo‘yoqlar yordamida atayalab zararlanayotgani haqida videomurojaat paydo bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Olmozor tumani Qoraqamish hududida ta’mirlanayotgan poliklinika ortidagi yosh daraxtlar sun’iy ravishda quritilayotgani aytilgan video tarqaldi. Video muallifining aytishicha, ta’mir ishlari bir yildan buyon davom etmoqda va ishlar boshlangandayoq daraxtlarning ostiga qurilish chiqindilarini uloqtirishgan. Chiqindilar bir yil o‘tib ham tozalab ketilmagan.
«O‘tgan yili dekabr oyida ustalar beshinchi qavatdagi derazadan axlatlarni uloqtirishgandi, hali ham uloqirishganicha yotibdi. Daraxtlarning tagida beton, chiqindi, sement qorishib yotibdi 1 yildan beri. Sekin, sudralib remont qilishayotgani mayli, lekin daraxtlarga nisbatan shunchalik xo‘rlik qilishyaptiki, bilmayman», - deydi video muallifi.
Uning so‘zlaria ko‘ra, daraxtlarga yoz faslida qurilishda ishlatiladigan bo‘yoqlar sepilgan.
«Yozda bu daraxtlarning ustiga kraska sepishgan, videolari olingan. Oppoq kraskani daraxtlarga sepishgan. Ustalarga-ku farqi yo‘q, lekin bunga tegishli xodimlar qarashsa mana shu bechora daraxtlarga ancha yaxshi bo‘lardi. Yomg‘ir yoqqanining bu daraxtlarga bir tiyinlik foydasi yo‘q, chunki atrofi to‘la ahlat. Bularning ildiziga hech qanaqa suv kirib, yetib bormaydi», - deydi murojaatchi.
Eslatib o‘tamiz, 25 oktabr kuni Toshkentning Bobur ko‘chasida 174 tup daraxt va butalar kesib tash edi. O‘shanda guvohlar daraxtlar Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovning topshirig‘iga asosan obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan tungi vaqtda kesib tashlanganini aytgan.





