
Toshkentda «Sea Breeze Uzbekistan» savdo ofisi paydo bo‘ldi — bloger tanqidlar to‘lqini fonida surat e’lon qildi
16.07.2025 | 19:2036243
Ozarbayjonlik tadbirkor Emin Agalarov tomonidan Chorvoq suv ombori bo‘yida qurilishi rejalashtirilayotgan yirik kurort majmuasi — «Sea Breeze Uzbekistan» loyihasi atrofidagi bahslar fonida Toshkent shahrida mazkur loyihaga tegishli savdo ofisi paydo bo‘ldi.

Bu haqda bloger Nurbek Alimov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida surat e’lon qilgan (https://t.me/Alimofflive/12383). Suratda «Sea Breeze» logotipi aks etgan ofis peshlavhasi ko‘rinib, aniq joylashuvi keltirilmagan.
Avvalroq, «Sea Breeze» kurort loyihasi bo‘yicha hali Davlat ekologik ekspertizasi xulosasi olinmagani haqida xabar bergan edik.
Ma’lumot uchun: 2024 yil 16 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida qurilishi mo‘ljallangan xalqaro turizm markazi taqdimoti bilan tanishgan edi. Unda ozarboyjonlik ishbilarmon Emin Agalarov bir qator xorijiy kompaniyalar bilan birga Chorvoq suv ombori bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazini qurish istagini bildirgan.
Loyihaga ko‘ra, kurort zonasida dam olish maskanlari, mehmonxonalar, plyaj, sport maydonchalari, kottejlar va turar joy majmualari, shuningdek, restoranlar, maktablar, akvapark, do‘konlar va dam olish bog‘lari bo‘ladi. Xalqaro brendlarning do‘konlari, restoran va xizmat shoxobchalari ochiladi. Turli festivallar, konsertlar va boshqa madaniy tadbirlar o‘tkaziladi.
Loyiha O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari orasida ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘lib kelmoqda. Jumladan, ko‘plab ekofaollar loyiha bo‘yicha mustaqil ekspertiza o‘tkazishga chaqirishmoqda. Jamoatchilik bunday katta ko‘lamdagi qurilish Toshkent shahri va viloyati uchun asosiy suv manbai bo‘lgan Chorvoqning tabiiy muvozanatini buzishidan xavotirda.





