add

Toshkentda sun’iy yomg‘ir yog‘dirish 50 ming dollargacha xarajat talab qiladi — Oʻzgidromet

Kecha 07:589382 Daqiqa

Oʻzgidromet 1990-yillarda Toshkentda bayramlar paytida yomg‘irsiz ob-havo ta’minlash uchun 1 mln dollar sarflangani qayd etilgan.

Toshkentda sun’iy yomg‘ir yog‘dirish 50 ming dollargacha xarajat talab qiladi — Oʻzgidromet

Oʻzgidromet Toshkent shahrida sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha fuqarolardan biridan tushgan murojaatni ko‘rib chiqdi. Bu tashabbus havoni tozalash, ifloslanish darajasini kamaytirish va aholi salomatligini himoya qilish maqsadida bildirilgan.

Ekologik qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi yillarda ifloslanish darajasi 150–200 mkg/m³gacha ko‘tarilib, «sog‘liqqa xavfli» darajada bo‘lgan. Murojaatchi Jahongir Raimjonov tomonidan taklif etilgan texnologiya Xitoy, BAA, AQSH kabi davlatlarda samarali qo‘llanilayotgani qayd etildi.

Uzhydromet xat

Biroq Oʻzgidromet bu amaliyotni amalga oshirish uchun muayyan tabiiy va texnik shartlar kerakligini ta’kidladi. Jumladan, bulutlarning mavjudligi, harorat va namlik darajasi belgilangan me’yorda bo‘lishi lozim. Toshkentda bu kabi shartlar asosan bahor va kuz oylarida kuzatiladi.

Sun’iy yomg‘irdan keyin havodagi iflos moddalar 20–40 foizgacha kamayishi mumkin. Masalan, 2025 yil 4-noyabrdagi yomg‘irdan so‘ng Toshkentda ifloslanish darajasi 60–70 mkg/m³ dan 5–10 mkg/m³ gacha pasaygan.

Shu bilan birga, texnologiya juda qimmat — bir operatsiya 25–50 ming dollarga tushadi. 1990-yillarda Toshkentda bayramlar paytida yomg‘irsiz ob-havo ta’minlash uchun 1 mln dollar sarflangani qayd etilgan.

Oʻzgidromet direktori Sherzodxon Xabibullayev tomonidan imzolangan javob xatida sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasining afzalliklari qatorida havo tozalanishi va salomatlikka ijobiy ta’sir qayd etilsa, xavf sifatida vaqtinchalik samara, yomg‘irning notekis taqsimlanishi va kimyoviy moddalarning tuproqqa ta’siri sanab o‘tilgan.

Shu bois, Oʻzgidromet loyihani texnik-iqtisodiy asoslash, pilot tarzda sinash va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirishni taklif etmoqda. Loyiha 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan atmosfera havosini yaxshilash dasturi doirasida ko‘rib chiqilishi mumkinligi qayd etilgan.

Teglar

Mavzuga oid