add

Toshkentda tez yordam harakatini onlayn kuzatish mumkin bo‘ladi

04.08.2025 | 14:3042193

Poytaxt aholisi chaqirilgan tez yordam mashinasining joylashuvi va yetib kelish vaqtini real vaqtda kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Yangi loyiha Yandex Uzbekistan texnologiyasi asosida ishga tushirildi.

Toshkentda tez yordam harakatini onlayn kuzatish mumkin bo‘ladi
Respublika tez tibbiy yordam markazi ma’lumoticha, yo‘lga qo‘yilgan loyiha orqali fuqarolar chaqiruvga kelayotgan tez yordam brigadasining harakatini xaritada ko‘ra oladi. Shuningdek, ular taxminiy yetib kelish vaqti haqidagi ma’lumotni ham real vaqt rejimida olishlari mumkin. Loyiha Yandex Uzbekistan’ning texnologik yechimi yordamida amalga oshirildi. Hozircha tez yordam harakatini brauzer orqali xaritada kuzatish mumkin, yaqin kelajakda esa Yandex Go ilovasida ham ushbu imkoniyat yaratiladi. Tez yordam chaqirilgandan so‘ng, tizim avtomatik tarzda xaritaga olib boruvchi havola bilan SMS xabar yuborishni boshlaydi. Keyingi bosqichda esa foydalanuvchilar Yandex Go orqali brigadaning joylashuvi va yetib kelish vaqti haqida push-xabarnoma olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Markaz vakillarining aytishicha, loyiha tez yordam xizmatlari ishini oshkora qilish va dispetcherlar yukini kamaytirishga qaratilgan. Hozirda mamlakat bo‘ylab dispetcherlar kuniga o‘rtacha 40 minggacha qo‘ng‘iroq qabul qiladi, ularning taxminan 60 foizi shoshilinch chaqiruvlardir. Markaz direktori Abduvoitjon G‘afurov ta’kidlashicha, raqamli yechimlar aholiga qulaylik yaratib, tez yordam xizmatini samaraliroq qilishga yordam beradi. Loyiha hozircha faqat Toshkentda amal qilmoqda, ammo kelgusida uni respublikaning boshqa hududlariga ham joriy etish rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid