
Toshkentda tirbandliklarni prognoz qilish markazi ishga tushirildi
27.06.2025 | 15:0037195
Toshkentda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandliklarni oldindan prognoz qilishga xizmat qiluvchi Kompyuterlashtirilgan vaziyatlar markazi tashkil etildi. U sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalar asosida faoliyat yuritadi.

Toshkent shahar ko‘chalarida yo‘l harakati xavfsizligini rakamlashtirish va transport oqimini samarali boshqarish maqsadida Kompyuterlashtirilgan vaziyatlar markazi ishga tushirildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi tashkil etilgan markazda intellektual transport platformasi joriy etilgan bo‘lib, u avtotransport oqimini kuzatish, tahlil qilish va boshqarish imkonini beradi. Mazkur tizim orqali shahar tirbandliklarini 50 foizgacha kamaytirish, yo‘lovchilar vaqti va favqulodda xizmatlar harakatini tejash, yo‘l-transport hodisalarini qisqartirish, shuningdek, qaror qabul qilishda aniq statistikadan samarali foydalanish mumkin bo‘ladi.
Shu munosabat bilan Toshkent shahar hokimi yo‘l-patrul xizmati va patrul-post xizmati uchun 40 ta yangi Cobalt rusumli xizmat avtomobili topshirdi. Ushbu avtomashinalar zamonaviy maxsus jihozlar bilan ta’minlangan va ulardagi kameralar vaziyatlar markazi bilan integratsiya qilingan.
Avtomobillarda o‘rnatilgan kameralar qidiruvdagi shaxslar, o‘g‘irlangan transport vositalari va jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi vaziyatlar haqida markazga darhol xabar berish imkoniyatiga ega. Shu bilan birga, markaz barcha xizmat mashinalaridagi kameralarni masofadan boshqarishi mumkin.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning o‘tgan davri mobaynida poytaxt yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan 356 ta giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyat aniqlangan, 70 nafar qidiruvdagi shaxs qo‘lga olingan va 100 dan ziyod o‘g‘irlangan transport vositalari ushlangan.
Poytaxt yo‘llarida kuniga 1 mlndan ortiq avtotransport vositasi harakatlanadi. Hozirga qadar 2 mln 974 mingdan ortiq qoidabuzarlik aniqlanib, qonunchilikda belgilangan choralar ko‘rilgan.
Olib borilgan chora-tadbirlar natijasida Toshkentda umumiy yo‘l-transport hodisalari soni 4,1 foizga, o‘lim bilan bog‘liq holatlar 6,9 foizga, tezlikni oshirish oqibatida sodir bo‘lgan hodisalar 66,7 foizga, mast holda transport boshqarish bilan bog‘liq hodisalar 16,7 foizga, bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari esa 8 foizga kamaygani qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 iyun kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Toshkentda sun’iy intellekt asosida transport harakatini boshqarish tizimi natijasiz qolganini keskin tanqid qilgan edi.





