add

Toshkentda Tramp ustidan shikoyat qilib «102»ga qo‘ng‘iroq qilgan erkak jazolandi

Bugun 14:301 daqiqa

Bektemir tumanida mast holda AQSH prezidenti ustidan shikoyat qilib, maxsus xizmatlarni chalg‘itgan fuqaro jarimaga tortildi.

Toshkentda Tramp ustidan  shikoyat qilib «102»ga qo‘ng‘iroq qilgan erkak jazolandi

Toshkent shahri Bektemir tumanida «102» raqamiga asossiz qo‘ng‘iroq qilib, Donald Tramp ustidan shikoyat qilgan fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortildi. Vaqt.uz sud hujjatlari bilan tanishdi. Sud qaroriga ko‘ra, u maxsus xizmatlarni qasddan aldab chaqirganlikda aybdor deb topildi.

Hodisa 7-yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Sud hujjatlarida qayd etilishicha, fuqaro mast holatda «102» raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, AQSH prezidenti go‘yoki odam o‘g‘irlab ketgani va Oq uyda yashashini aytib, unga nisbatan ariza qabul qilishni talab qilgan.

Mazkur qo‘ng‘iroq orqali u ichki ishlar organlari faoliyatiga asossiz aralashib, maxsus xizmatlarni chalg‘itgan hamda jamoat tartibini buzgan. Shuningdek, u surishtiruv ishlarini olib borish maqsadida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan berilgan qonuniy talablarga bo‘ysunmagan.

Sud majlisida huquqbuzar o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. U spirtli ichimlik iste’mol qilganini, qo‘ng‘iroq vaqtida aytgan gaplarini aniq eslay olmasligini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, o‘z harakatlarining oqibatlarini anglamaganini bildirgan.

Fuqaro qilgan ishidan pushaymon ekanini, bunday holat kelgusida takrorlanmasligini aytgan va suddan yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan. Biroq sud uning qilmishi jamoat xavfsizligi va tartibiga jiddiy xalal berganini inobatga olgan.

Sud qarori bilan u Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 199-moddasiga muvofiq aybdor deb topilib, bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari, ya’ni 1 million 230 ming so‘m miqdorida jarima jazosiga hukm qilindi.

Teglar

Mavzuga oid