
Toshkentda tunda ham avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yilishi mumkin
14.08.2025 | 18:3048993
Poytaxtda tungi vaqtlarda harakatlanuvchi avtobuslar yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Bu shahar kengashi deputatlari bilan muhokama qilindi.

Jamoat transportini tungi vaqtlarda ham harakatlanishi masalasi 12 avgust kuni xalq deputatlari shahar kengashi yig‘ilishida Toshkent shahri transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Allayor Norbo‘tayev tomonidan ma’lum qilindi.
Taklifga ko‘ra, tungi avtobuslar soat 22:00 dan 06:00 gacha harakatlanadi va ular aeroport, temiryo‘l vokzali, metro bekatlari, turizm ko‘chalari, savdo va ko‘ngilochar markazlar, yirik bozorlar, talabalar yotoqxonasi hamda shifoxonalar orqali o‘tadi. Umumiy hisobda 15 ta yo‘nalish ikki bosqichda tashkil etiladi, dastlab yo‘lga chiqish intervali yarim soat bo‘ladi.
Norbo‘tayevning so‘zlariga ko‘ra, chipta narxi kunduzgi tarif bilan bir xil bo‘ladi. Turizm komissiyasi tomonidan narxni qimmatlashtirish taklifi berilgan bo‘lsa-da, transport boshqarmasi bunga qarshi chiqdi. Uning ta’kidlashicha, kechqurun faqat pulli yo‘lovchilar emas, balki shoshilinch zarurat tufayli safarga chiquvchi shaxslar ham bo‘ladi.
Avtobuslarni alohida qizil rangga bo‘yash va ularning raqamlarini «T» harfi bilan belgilash taklifi ham berilgan. Rejaga ko‘ra, 15 ta yo‘nalishda 54 ta avtobus harakat qiladi. Loyihani amalga oshirish mahalliy byudjetdan taxminan 33 mlrd so‘m talab etadi.
Tungi avtobuslar tashabbusi prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi tomonidan ishlab chiqilgan tungi iqtisodiyotni rivojlantirish konsepsiyasida ham aks etgan. Unda tungi xizmatlar, madaniy tadbirlar va jamoat transporti haqida ma’lumot beruvchi mobil ilovalar yaratish rejalashtirilgan.





