
Toshkentda yana 6 ta metro bekatida poyezdlar harakati to‘xtatiladi
28.07.2025 | 13:0016033
2 avgustdan boshlab Toshkent metrosining «Texnopark – Yangiobod» yo‘nalishida harakatlanayotgan poyezdlar vaqtincha to‘xtaydi. Bu rejali profilaktik ta’mirlash ishlari bilan bog‘liq. Yo‘lovchilar uchun vaqtincha bepul avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
«Toshkent metropoliteni» DUK ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil 2 avgustdan boshlab yer usti halqa yo‘nalishida joylashgan «Texnopark – Yangiobod» bekatlari oralig‘ida poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatiladi. Bu yer usti estakadalari va bekatlarda rejali profilaktik ishlar olib borilishi bilan bog‘liq.
Hozirda ushbu yo‘nalishda 14 ta bekatdan iborat «Texnopark – Qipchoq» uchastkasi yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Jahon tajribasidan kelib chiqib, muntazam ravishda bunday ob’ektlarda texnik va xavfsizlik ishlari amalga oshirilishi kerak.
Rejali ta’mirlash ishlari faqat «Texnopark – Yangiobod» uchastkasiga taalluqli bo‘lib, shu oraliqda poyezlar harakati vaqtincha to‘xtaydi. Shu sababli yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida, «Texnopark – Qipchoq – Texnopark» oralig‘ida katta sig‘imli bepul avtobuslar — metrobuslar qatnovi tashkil etiladi. Ularning harakat jadvali har kuni soat 05:00 dan 23:00 gacha belgilangan.
«Toshkent metropoliteni» yuzaga kelayotgan vaqtincha noqulayliklar uchun yo‘lovchilardan uzr so‘ragan. Ta’mirlash ishlarining qancha muddat davom etishi aniq ko‘rsatilmagan, ammo ishlarni tez va sifatli bajarishga va’da berilgan. Hodisaga oid rasmiy ma’lumotni «Toshkent metropoliteni» davlat unitar korxonasi taqdim etgan.





