add

Toshkentda yana bir «novostroyka» xaridorlariga topshirilishi kechikmoqda

14.08.2025 | 19:15487813

Poytaxtning Chilonzor tumanida qurilayotgan yangi uylardan xonadon xarid qilgan 200 dan ortiq odam ayni kunga kelib, sarson-sargardon bo‘lmoqda.

Toshkentda yana bir «novostroyka» xaridorlariga topshirilishi kechikmoqda
Murojaatchilarga ko‘ra, Chilonzor ko‘chasida qurilayotgan ko‘p qavatli uylarga odamlar 100 foiz to‘lov qilgan yoki uyi buzilgan mulkdorlar yangi uylarga ko‘chib o‘ta ololmay bir necha yildan buyon sarson. Uylarning qurib foydalanishga topshirilishi esa hamon cho‘zilmoqda. Vaqt.uz holatni joyiga borib o‘rgandi. Video Aniqlanishicha, «Future growth» MCHJ va fuqarolar o‘rtasida o‘zaro kelishuvga asosan «Premier house» turur joy majmuasi qurilishi uchun investitsiya kiritish bo‘yicha shartnoma tuzilgan. Shuningdek, murojaatchilarning yana bir qismi o‘zlari istiqomat qilib kelgan ikki qavatli turar joy binolari 2021 yilning yozida buzilgani, allaqachon bu uylarning o‘rnida yangi ko‘p qavatli binolar qad ko‘targan bo‘lishi kerakligi, ularga buzilgan uylari evaziga shu yangi binolardan xonadon berilishi kerakligini ta’kidlashdi. Ma’lum bo‘lishicha, pudratchi tashkilot loyihaga ko‘ra, mazkur turarjoyning birinchi binosini 2021 yil sentyabr oyida, ikkinchisini 2022 yil sentyabr oyida, uchinchisini 2026 yil iyunda va to‘rtinchi binosini 2023 yil dekabrda oyida bitkazib foydalanishga topshirish majburiyatini olgan. «Chilonzor ko‘chasidagi ikki qavatli uylarda yashardik. 2021 yil uyimiz «snos»ga tushdi va uydan chiqib ketdik. 4 yildan buyon ijarada qiynalib yashayapmiz. Uyi «snos»ga tushganlar bilan shartnoma tuzilmagan, faqat kafolatnoma berilgan. Investorlar bilan shartnoma tuzilgan. Bir yilda qurib beramiz deyishgan. Endi qachon bitishini xudo biladi», deydi Saidakbar Umarov. Guvohi bo‘ldikki, qurilish ayni kunlarda bir ob’ektda sekinlashgan bo‘lsa, boshqa birida hali boshlanmagan. Chilonzor ko‘chasi 21 uyda istiqomat qilgan xonadon egalarining aksariyati 4 yildan buyon ko‘chalarda sarson-sargardon. Buzilgan uylaridan vaqtincha ko‘chirilganlarning yana bir e’tirozi o‘z vaqtida ijara to‘lovlari to‘lab berilmayotgani. Uyi buzilgan ayolning aytishicha, 5 yil oldin Chilonzor ko‘chasidagi ikki qavatli uydan xonadon sotib olib, uni ta’mirlagan. Biroz muddat o‘tgandan keyin yashab turgan joyi buzilishi va o‘rnida qad rostlaydigan uydan xonadon berilishi vada qilinadi. «Bizni chiqarishgandan keyin uyimizdagi hamma narsani majbur bo‘lib sotdik. Hozir na «dom», na uyimizdagi narsalarimiz bor. Quruvchi tashkilot bilan ijara pulini bermasligi o‘rniga yangi uydan xonadon maydonini ko‘proq berishi bo‘yicha kelishganmiz. Lekin qo‘shnilarim to‘rt oydan beri ijara pulini ololmayapti. To‘rtinchi «dom»ni hali g‘ishti yo‘q. Hech bo‘lmasa, penya to‘langlar desak, pulimiz yo‘q deyapti. Faqat quruq va’dalar berilyapti», deydi quruvchidan norozi fuqaro. Uylarini ololmayotgan fuqarolar bir necha tashkilotlarning eshigini qoqqan. Ulardan faqatgina Chilonzor tuman prokuraturasi holatga munosabat bildirgan. Unga ko‘ra, taraflar o‘rtasida yuzaga keladigan nizolar sud tartibida hal qilinishi va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilishlari mumkinligi bayon qilingan. Natalya Raxman 100 foiz to‘lov qilib xonadon sotib olgan. Uni quruvchilar 3 yildan buyon quruq va’dalar bilan aldab kelishayotganini aytib o‘tdi. «72 metr kvadratli 3 xonali xonadon bizga 44 ming dollarga tushgandi. Shartnoma tuzdik va uy uchun sarmoyador bo‘ldik. Hozir ota-onamiznikida yashab turibmiz, chunki boshqa joyimiz yo‘q. Qiynalayapmiz. Lekin afsuski, 3 yildan beri biror harakat ko‘rmayapmiz. Kompaniya ofisiga murojaat qilyapmiz. Bizni mehmon qilib, mart, dekabr deb va’da qilib kelishyapti. Biz uchun Telegram kanal ochishgan. Lekin qurilishda 4-5 kishi ishlashi bu hech narsa degani emas. Yarim yildan beri turli tashkilotlarga arz qilib, yordam so‘rab kelyapmiz. Afsuski, biror yangilik yo‘q. Huquq-tartibot idoralari shunchaki xabarlarimizni e’tiborsiz qoldiryapti. Umid qilamiz, biror yangilik bo‘lar. Hozircha hammasi natijasiz», deydi u. Ushbu hududda quriladigan uylarga to‘lov qilgan fuqarolar qurilish jarayonidagi sustkashlik va kamchiliklardan qattiq norozi. «Chilonzor ko‘chasida qurilishi aytilgan Hay-tek uylardan meniki 4 binoda joylashgan. 4 uyda 105 ta xonadon bor. 2 uyda esa bitta yo‘lak qo‘shilgan, 120-130 talar xonadon bo‘lsa kerak. 3 uyda ham shunday. Umumiy loyihada 900 dan ortiq xonadonlar hisoblangan. Shartnoma bo‘yicha 2 uy 2022-yilda yakunlanishi kerak edi. 3 uy 2026 yilda yakunlanishi kerak edi. Lekin hali hatto uyoqdagi eski uylar buzilmagan. 4 binoni 2023-yilda boshlashlari kerak edi. Lekin ko‘rib turganingizdek, hali kotlovan ham qazish boshlanmagan. Hech narsa yo‘q. Qurilish kompaniyasi ta’sischilari har oy ana-mana boshlaymiz deyishadi. Lekin boshlashmayapti. Kimga murojaat qilmaylik, foydasi bo‘lmayapti. Deyarli hamma sarmoyadorlar 100 foizli to‘lov qilishgan. Uylari buzilib, boshqa joyga ko‘chirilganlarga ham uzog‘i 2 yilda qurishni va’da qilishgan. Lekin 5 yil o‘tib ketdi. Biz 2 marta ichki ishlarga, turli tashkilotlarga murojaat qildik. Ular sudga murojaat qilishimizni aytishgan. Qurulish ta’sischilarida esa MIBdan 79 mlrd so‘m qarzdorlik bor. Hozir sudga murojaat qilganimiz bilan ulardagi katta qarzdorlik borligi uchun bu foydasiz», deydi fuqarolardan biri. Holat yuzasidan Quruvchi tashkilot vakillari bilan suhbatlashdik. Loyiha rahbari Sardor Yunusjonov ijara pullarini to‘lashda turli sabablarga ko‘ra ayrim uzilishlar bo‘layotganini inkor etmadi. «To‘g‘ri, qurilish kech qolyapti. Muammolar bor edi, lekin ular bartaraf etildi. Hay-tek uyimizning ikkinchi binosi qurilishidagi 80 foiz ishlari bitgan. 1-1,5 oyda bemalol egalariga topshiramiz. To‘rtinchi binomiz «podujka» holatida va u yerdagi ishlar ham davom etadi. Uchinchi binomiz o‘rnidagi ikki qavatli «dom» yil oxirigacha buziladi. «Snos»ga uyi tushganlarga ijara puli ozroq kechikish bilan bo‘lsa ham, albatta, beramiz», deydi qurilish loyihasi rahbari Cardor Yunusjonov. Quruvchi tashkilot vakili aytgan muddatda ko‘p qavatli uy qurishilishi tugallanib, xonadonlar o‘z egalariga topshiriladimi yoki 200 dan ortiq fuqarolar yana yillar davomida saron-sargondon bo‘lib yuradimi. Buni vaqt ko‘rsatadi. Vaqt.uz voqealar rivojini kuzatib boradi. Videoni Youtubeʼda tomosha qiling: 👉https://youtu.be/guMS6RLtDqM Baxtiyor To‘xtayev, Vaqt.uz muxbiri Operator: Husan Maqsudov. Montajchi: Nizomjon Ahmedov

Teglar

Mavzuga oid