
Toshkentda yarim yillikda birorta yangi maktab qurilmadi
27.08.2025 | 17:3033313
Yangi o‘quv yilida O‘zbekistondagi maktablarda ikki millionga yaqin o‘quvchi o‘rni yetishmasligi yuzaga kelishi mumkin.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda jami 68 ta maktab foydalanishga topshirildi. Biroq ularning qariyb yarmi — 35 tasi Andijon viloyati hissasiga to‘g‘ri keldi. Buxoroda 19 ta, Xorazmda 7 ta, Namanganda 6 ta va Qoraqalpog‘istonda 1 ta yangi ta’lim muassasasi ishga tushirildi.
Shu bilan birga, Toshkent shahri va yana 8 ta hududda yarim yillik davomida birorta ham maktab qurib bitkazilmadi. Bu esa poytaxtda aholi o‘sishi va ta’lim muassasalariga talab tobora kuchayayotgan bir paytda jiddiy muammo sifatida ko‘tarilmoqda.
Statistik hisobotlarda aytilishicha, o‘tgan o‘quv yili boshidayoq mamlakatda 1,7 million o‘quvchiga joy yetishmas edi. Bu yil esa maktab yoshidagi bolalar soni yana 282 ming nafarga ko‘payishi natijasida tanqislik yanada kuchayishi mumkin.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, ayniqsa yirik shaharlar va poytaxtda maktablar sonining ko‘payishi shoshilinch vazifaga aylanmoqda. Hozirgi sharoitda xususiy maktablar tashkil etilishi qisman yechim sifatida ko‘rilayotgan bo‘lsa-da, umumiy muammoni to‘liq bartaraf etish uchun davlat miqyosida keng ko‘lamli choralar talab etiladi.





