
Toshkentda yozgi ta’tildagi bolalar uchun 90 kunlik bepul dastur boshlandi
30.05.2025 | 22:003094
Toshkent shahrida «Aktual 90 kun» dasturi doirasida 100 ta maktabda kunduzgi lagerlar, 207 sport maydonchalari va 21 basseynda bolalar uchun mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. Barcha faoliyatlar bepul amalga oshiriladi.

Toshkent shahar hokimligi tashabbusi bilan yozgi ta’tilni mazmunli o‘tkazish maqsadida 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun «Aktual 90 kun» nomli dastur ishga tushirildi. Dastur doirasida 100 ta umumta’lim maktabida besh smenali kunduzgi lagerlar faoliyat yuritadi. Har bir smena 12 kundan iborat bo‘lib, mashg‘ulotlar 8:00 dan 12:00 gacha davom etadi.
Shahar xalq ta’limi boshqarmasi rahbari Iroda Yuldasheva ta’kidlashicha, lagerlarning asosiy maqsadi — bolalarga to‘laqonli dam berish va ularning intellektual hamda jismoniy rivojlanishiga hissa qo‘shishdir. Unga ko‘ra, maktablar o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib shaxmat, chet tillari, teatr, robototexnika kabi to‘garaklar tashkil etishmoqda. Mashg‘ulotlarda qatnashish bepul bo‘ladi.
Bundan tashqari, 207 maktabda sport-sag‘lomlashtirish maydonchalari faoliyat yuritadi. Ularda va kunduzgi lagerlarda futbol, voleybol, yengil atletika, milliy kurash, suzish kabi sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi. Jami 820 nafar murabbiy va sportchi jalb qilingan.
Shuningdek, haftaning payshanba va juma kunlari 21 ta shahar basseynida bolalar uchun suzish bo‘yicha trenirovka va musobaqalar tashkil etiladi. Yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha maxsus darslar ham o‘tkaziladi.
Madaniyat sohasi ham chetda qolmagan: har kuni soat 19:00 dan 22:00 gacha «Navro‘z» bog‘ida va boshqa madaniy markazlarda konsertlar bo‘lib o‘tadi. Ularda teatrlar, sirk jamoalari, mahalla aholisi ishtirok etadi.
Loyiha O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yildi. Davlat rahbari ta’kidlaganidek, 6 milliondan ziyod bolalar ta’tilda bo‘lar ekan, ularning har biri foydali va mazmunli vaqt o‘tkazishi uchun zarur shart-sharoit yaratilishi shart.





