add

Toshkentda «zang suv» holatlari uchun to‘lovlar qayta hisoblanadi

25.10.2025 | 16:552972

Poytaxtdagi ayrim uylarda issiq suvning zang tusida kelayotgani aniqlandi. «Veolia Energy Tashkent» bu holatni isitish mavsumiga tayyorgarlik bilan bog‘liq vaqtinchalik hodisa ekanligini, zarur hollarda fuqarolar to‘lovini qayta hisoblashini ma’lum qildi.

Toshkentda «zang suv» holatlari uchun to‘lovlar qayta hisoblanadi

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridan aholining issiq suvning zang tusida kelayotgani haqidagi videolari tarqaldi. Bu holat yuzasidan «Veolia Energy Tashkent» kompaniyasi izoh berdi va muammoni bartaraf etish bo‘yicha tekshiruv ishlari boshlanganini ma’lum qildi.

Kompaniya xabariga ko‘ra, isitish mavsumi boshlanishidan oldin tarmoqlarda suv aylanishi yo‘lga qo‘yilayotgan vaqtda quvurlardagi suv qisman jigarrang yoki zangga o‘xshash tusga kiradi. Bu holat tizimni sinovdan o‘tkazish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lib, qisqa fursat ichida bartaraf etiladi.

«Bu tizimni sinovdan o‘tkazish va tarmoqlarning teng darajada qizishini ta’minlash uchun zarur. Aynan shu davrda Toshkentning ayrim tumanlarida issiq suvda jigarrang yoki zangga o‘xshash tus kuzatilishi mumkin», — deyiladi kompaniya xabarida.

Tekshiruvlar davomida ayrim uylarda issiq suv «qaytish quvuri» orqali berilayotgani aniqlandi. Bu esa suv haroratining pasayishi, uning quvurlarda to‘xtab qolishi va metall devorlar bilan ta’sirga kirishishi natijasida zang tusining paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan.

«Veolia Energy Tashkent» mutaxassislari boshqaruvchi kompaniyalar bilan hamkorlikda issiqlik tizimi sxemalarini to‘g‘rilash, suv tiniq bo‘lguncha texnologik suvni to‘kib tashlash ishlarini olib bormoqda. Kompaniya ta’kidlashicha, tizim parametrlari barqarorlashgach, suv rangi qisqa vaqt ichida me’yorga keladi.

Shu bilan birga, kompaniya har bir fuqaroning shikoyati o‘rganilishini va agar suv sifati tashqi omillar ta’sirida buzilgani aniqlansa, to‘lovlar belgilangan tartibda qayta hisoblanishini ma’lum qildi. Qayta hisoblash uchun iste’molchi va kompaniya vakili tomonidan dalolatnoma tuziladi, unda aniqlangan og‘ishlar va ularning davomiyligi qayd etiladi.

«Veolia Energy Tashkent»ning 1347 raqamli call-markazi hamda tuman boshqarmalarida aholi murojaatlarini qabul qilish yo‘lga qo‘yilgan. Barcha tekshiruv natijalari asosida muammolar bosqichma-bosqich bartaraf etiladi.

Teglar

Mavzuga oid