add

Toshkentdagi ikkita bozor to‘liq rekonstruksiya qilinadi

Bugun 12:552 daqiqa

Poytaxtdagi yirik savdo maydonlarini rekonstruksiya qilish orqali shaffof savdo, ularning qonuniy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, naqdsiz hisob-kitoblar ulushini kengaytirish maqsad qilinmoqda.

Toshkentdagi ikkita bozor to‘liq rekonstruksiya qilinadi

Toshkent shahrida joylashgan «Navro‘z» dehqon bozori hamda «Buz bozor» shoxobchasi to‘liq rekonstruksiya qilinadi. Bu haqda Mirzo Ulug‘bek tumani axborot xizmati xabar berdi.

21-yanvar kuni Mirzo Ulug‘bek tuman hokimi Bahodir G‘oibnazarov, Toshkent shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari A.A.Urmanov, prokuror o‘rinbosari U.T.Mamarajabov, Mirzo Ulug‘bek tuman prokurori O.M.Mannanov tomonidan bozorlar faoliyati o‘rganilgan. O‘rganishlar natijasida bozorlarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish, savdo jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar belgilab olingan.

«Shu bilan birga, bozor hududi to‘liq rekonstruksiya qilinib, zamonaviy infratuzilma asosida qayta tashkil etiladi. Bozor hududida maxsus vaziyat markazi tashkil etilib, bozorning yagona «markazi» sifatida barcha iqtisodiy, moliyaviy va nazorat jarayonlarini muvofiqlashtiradi», — deyiladi xabarda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, loyihalashtirish jarayonida bozorlarning umumiy arxitekturasi va ichki dizayni chuqur tahlil qilinib, ilg‘or xalqaro standartlar asosida qayta ishlangan. Bu yondashuv savdo subyektlarining qonuniy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, naqdsiz hisob-kitoblar ulushini kengaytirishni maqsad qiladi.

«Natijada soliq bazasi kengayib, mahalliy budjet daromadlari sezilarli darajada oshishi kutilmoqda. Islohotlar, tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoit yaratish, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish hamda qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan. Mazkur tashabbuslar davlat organlari va jamoatchilik o‘rtasida o‘zaro ishonchni oshirib, shahar iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi», — deyilgan hokimlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vaqt.uz 2025 yil inflatsiyasi, yil davomida bozorlarda narxlar qanday o‘zgarganligi haqida maqola e’lon qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid