add

Toshkentning yangi xalqaro aeroportini Saudiya va Yaponiya kompaniyalari qurib beradi

15.10.2025 | 17:0042225

Yangi aeroport davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etiladi. Yaponiyaning Sojitz kompaniyasi loyihada 200 mln dollar miqdorida investitsiya kiritadi, deb xabar berdi Nikkei Asia.

Toshkentning yangi xalqaro aeroportini Saudiya va Yaponiya kompaniyalari qurib beradi
Toshkentda quriladigan yangi xalqaro aeroportni Saudiya Arabistonining Vision Invest va Yaponiyaning Sojitz Corporation kompaniyalari barpo etadi. Bu haqda Nikkei Asia nashri xabar berdi. Loyiha davlat-xususiy sheriklik (PPP) asosida amalga oshiriladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Sojitz kompaniyasi loyihaga «milliardlab iyena» investitsiya yo‘naltiradi, bu taxminan 200 mln atrofidagi mablag‘ni tashkil etadi. Yangi aeroportning ochilishi 2028 yilga rejalashtirilgan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 oktyabr kuni Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari va biznes doiralari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda yangi aeroport qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tishini ma’lum qilindi. Uchrashuvda Podshohlikning investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih, shuningdek, ACWA Power, Al Muhaidib Group, Vision Invest, Data Volt, Riyadh Cables, AlMajdiah, Saudi Tabreed, Miahona kabi yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi. Prezidentning ta’kidlashicha, bu loyiha ikki davlat o‘rtasidagi yaqin hamkorlikning amaliy ifodasi bo‘ladi. Sojitz Corporation prezidenti Kosuke Uemura avgust oyida kompaniyaning O‘zbekistondagi umumiy investitsiya portfeli 1 mlrd dollarga yetganini ma’lum qilgan edi. Shundan 200 mln aynan Toshkent xalqaro aeroporti qurilishiga yo‘naltiriladi. Nikkei Asia’ning qayd etishicha, Sojitz Yaponiyadagi Kumamoto va Okinava aeroportlarini, shuningdek Palaudagi aeroportni ham boshqaradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1 avgustdagi qaroriga ko‘ra, yangi aeroport yillik 20 mln yo‘lovchini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. U bir vaqtning o‘zida 169 ta samolyotni joylashtirish, soatiga 40 ta parvoz va qo‘nishni ta’minlash quvvatiga ega bo‘ladi. Uzbekistan Airports rahbari Javlonbek Umarxodjayevning so‘zlariga ko‘ra, yangi aeroport to‘liq raqamlashtiriladi va zamonaviy texnologiyalar asosida quriladi. Transport vaziri Ilhom Mahkamovning ma’lum qilishicha, aeroport poytaxtdan 17 km janubda, M-39 avtomagistrali yaqinida joylashadi. Bu hudud logistika va transport infratuzilmasi nuqtai nazaridan qulay hisoblanadi. Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev esa loyiha O‘rta Chirchiq tumanidagi 1200 gektar maydonda amalga oshirilishini bildirgan. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumoticha, 2026 yilda Toshkent, Buxoro va Urganchda yangi xalqaro aeroportlar qurilishi boshlanadi. Toshkent aeroporti uchun jami 1310 gektar yer ajratiladi — shundan 790,7 gektar O‘rta Chirchiq, 519 gektar esa Quyi Chirchiq tumani hissasiga to‘g‘ri keladi.

Teglar

Mavzuga oid