
Tovar kodlarini soxtalashtirib, bojxona bojlaridan qochmoqchi bo‘lganlar fosh etildi
23.08.2025 | 11:2023103
Farg‘ona viloyatida 2,6 mld so‘mlik tovar kodlarini arzonrog‘iga almashtirib, davlat bojidan qochishga urinish holati aniqlandi.

Farg‘ona viloyatida 2,6 mlrd so‘mlik monitorlarni arzon kod ostida yashirmoqchi bo‘lganlar oshkor etildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.
«Vodiy» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida tadbirkorlik sub’ekti nomiga olib kirilgan 2 876 dona monitor deklaratsiyada «suyuq kristalli displey» sifatida ko‘rsatilgan. Ammo tekshiruvda ular aslida «suyuq kristalli rangli monitor» ekani ma’lum bo‘ldi. Kodlarning bunday soxtalashtirilishi orqali davlat bojidan qochish maqsad qilingan.
Mazkur monitorlarning umumiy qiymati 2,6 mlrd so‘mdan ortiq. Agar ular rasmiy ravishda to‘g‘ri kod bilan import qilinganida, davlat byudjetiga qo‘shimcha 350 mln so‘m tushgan bo‘lar edi. Mutasaddilar bu mablag‘ bilan eng kam pensiya oluvchi 44 nafar fuqaroni bir yil davomida ta’minlash mumkinligini qayd etdi.
Farg‘ona bojxonasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda aniqlangan 3 ta shunga o‘xshash holatda davlat byudjetiga 520 mln so‘m tushumning yo‘qotilishi oldi olingan. Mas’ullar buni mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan qonunbuzarlik deb baholamoqda.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatida joriy yil boshidan buyon 1,2 mingdan ortiq kontrabanda va bojxona qonunbuzarligi holati fosh etilgan. Bu jarayonda qiymati 55,4 mlrd so‘mlik tovar va moddiy boyliklarning noqonuniy aylanishiga chek qo‘yilgan.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan qonuniy choralar ko‘rilmoqda va bojxona tekshiruvlari davom etmoqda.





