Tovarlarni bojxona nazoratidan o‘tkazish uchun yangi hujjat shakllari tasdiqlandi
Yangi qaror tovarlar va transport vositalarini tekshirish, omborga joylashtirish, aniq va shaffof hisobga olish hamda nazoratni raqamlashtirishga qaratilgan.

Adliya vazirligi tomonidan «Bojxona ishi sohasida qo‘llaniladigan ayrim hujjatlar va hisobotlar shakllarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Yangi tartibga ko‘ra, tovarlar va transport vositalarini bojxona nazoratidan o‘tkazish, ularni omborlarga joylashtirish hamda tovarlar harakatini hisobga olish jarayonlarini aniq va shaffof hujjatlashtirish maqsadida bir qator yangi hujjat shakllari joriy etildi.
Jumladan:
Tovar va transport vositalarini tekshirish natijalarini rasmiylashtirish uchun bojxona ko‘rigi dalolatnomasi;
Jismoniy shaxslarning qo‘l yuki va bagajlarini tekshirish bo‘yicha alohida bojxona ko‘rigi dalolatnomasi;
Deklarant tomonidan tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvidan oldin ko‘zdan kechirish yoki o‘lchash uchun elektron murojaatnoma;
Yuklarni bojxona omboriga bojxona organi xodimining ishtirokida yoki uning ishtirokisiz tushirish bo‘yicha maxsus dalolatnomalar shakllari.
Hujjatlar elektron shakllantiriladi
Yangi joriy etilgan hujjatlar bojxona organlarining axborot tizimi orqali elektron ko‘rinishda shakllantiriladi va rasmiylashtiriladi. Bu esa bojxona jarayonlarini raqamlashtirish, hujjat aylanmasini soddalashtirish hamda nazoratni samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, avtomobil transportida yuklarni xalqaro yo‘nalishlarda tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi bojxona tashuvchilari uchun amalda bo‘lgan ayrim talablar bekor qilindi. Xususan, bojxona tashuvchilari reyestriga kiritish uchun Davlat bojxona qo‘mitasiga alohida murojaat qilish talabi hamda ariza shakli amaliyotdan chiqarildi.





