
To‘ylarda Jahongir Poziljonov qo‘shig‘ini noqonuniy ijro etgan DJ jarimaga tortildi
18.08.2025 | 21:4015822
«Bojalar» guruhi solisti Jahongir Poziljonov, shuningdek xonandalar Doston Ergashov va Asilbek Amanulloh ijrosidagi qo‘shiqlardan muallifning ruxsatisiz foydalangan didjey qonunchilikka muvofiq jarimaga tortildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Bojalar” guruhi solisti Jahongir Poziljonov va xonandalar Doston Ergashov ijrosidagi «Uylanamiz”», shuningdek Asilbek Amanulloh (Negmatov) ijrosidagi “Oppoq aka” nomli qo‘shiqlar fuqaro I. Ruziyev tomonidan muallifning ruxsatisiz hamda tegishli yozma shartnoma tuzmagan holda, Navoiy viloyatining Karmana tumanida joylashgan “Registon” nomli to‘y-marosimlar markazida omma e’tiboriga havola etilgani aniqlangan.
Holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177 prim 1-moddasi bilan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli sudga yuborilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Karmana tuman sudining qaroriga ko‘ra, huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 177 prim 1-moddasining birinchi qismi bilan jarima jazosi tayinlangan.
Ma’lumot uchun, qonunchilikka muvofiq muallif huquqbuzardan zarar qoplanishi o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 1000 baravarigacha miqdorda tovon to‘lashini talab qilishga haqli hisoblanadi.





