
Tramp Apple’ni ishlab chiqarishni Hindistonga ko‘chirishdan qaytarmoqchi
18.05.2025 | 15:0143822
AQSH prezidenti Donald Tramp Apple rahbari Tim Kukdan iPhone ishlab chiqarishni Hindistonga ko‘chirish rejalarini to‘xtatishni talab qildi.

Qatardagi chiqishi chog‘ida Tramp Apple’ni tanqid qilib, «Men sizning Hindistonda zavod qurishingizni istamayman», dedi. Unga ko‘ra, Hindistondagi yuksak tariflar AQSH mahsulotlarining bozorga kirishini murakkablashtirmoqda.
Apple so‘nggi yilda Hindistondagi ishlab chiqarish hajmini 60 foizga oshirib, 22 mlrd dollarlik mahsulot yig‘gan. Kompaniya kelasi yil oxirigacha iPhone’larning asosiy qismini aynan Hindistondan eksport qilishni rejalashtirgan.
Bu harakat nafaqat Xitoydagi lokdaunlar, balki Tramp boshlagan tariflar urushidan kelib chiqqan. Apple ayni paytda iPhone’larni asosan Xitoyda yig‘adi, AQSHda esa smartfonlar ishlab chiqarilmaydi.
Tramp Apple’dan ishlab chiqarishni AQSHda kengaytirishni talab qilmoqda, bu orqali u iqtisodiy milliychilik siyosatiga sodiq ekanini yana bir bor ko‘rsatmoqda.





