add

Tramp bu yil va’dasini ustidan chiqa oladimi yoxud Ukraina taqdiri qachon hal bo‘ladi?

Bugun 18:584024 Daqiqa

Siyosatshunos Ukrainada Jenevadagi uchrashuv natijalarini qanday baholashayotgani, Rossiyaning tinchlik rejasini qabul qilish ehtimoli qandayligi haqida gapirib berdi.

Tramp bu yil va’dasini ustidan chiqa oladimi yoxud Ukraina taqdiri qachon hal bo‘ladi?

Amerika Qo‘shma shtatlari prezidenti Donald Trampning aytishicha, u va’dasiga sodiq qolishni va dunyodagi barcha urushlarni tugatishni istaydi. O‘z hisob-kitobiga ko‘ra, u allaqachon sakkizta urushni to‘xtatgan, endi eng katta masala — Rossiya–Ukraina mojarosi.

«Men yaqin vaqt ichida Zelenskiy va Putin bilan uchrashishga umid qilaman, ammo faqat bu urushni tugatish bo‘yicha kelishuv yakuniy bo‘lganda yoki yakunlanish arafasida bo‘lganda», - dedi Tramp.

So‘nggi bir hafta davomida asosiy mavzu — AQSH ishlab chiqqan tinchlik rejasi bo‘lib turibdi. Vashington uni avval Rossiya, so‘ng Ukraina bilan muhokama qildi. Dastlabki 28 banddan hozir faqat 19 tasi qolgan — hujjat sezilarli o‘zgargan.

Har ikki tomon o‘z «qizil chiziqlari»ni aniq qo‘ydi. Ukraina: armiyani qisqartirish, hududlaridan voz kechish, NATOga kirish rejasidan chekinish — bularning barchasi Kiyev uchun mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan talablar. Rossiya: bu masalalarda biror yon bosish niyati yo‘q.

Ciyosatshunos, «Penta» markazi rahbari Vladimir Fesenko TRT bilan suhbatda jarayon yuzasidan fikr bildirdi. 

Jurnalist: Ukrainada Jenevadagi uchrashuv natijalarini qanday baholashmoqda?

Fesenko: Jenevada erishilgan asosiy natija — Amerika taklif etgan 28 bandli tinchlik rejasining dastlabki versiyasida mavjud bo‘lgan xavflarni bartaraf etishdir. Ushbu rejaning ayrim qoidalari Ukraina manfaatlariga zid edi va unga jiddiy tahdid solardi. Ko‘pchilik bu hujjatni yashirin taslim bo‘lish sifatida qabul qildi: Ukrainadan bir tomonlama yon berishlar talab qilingan, Rossiya esa o‘zi istagan narsalarning aksariyatiga erishgan edi. Kiyev uchun bu xavflarni imkon qadar kamaytirish muhim edi va ko‘p jihatdan bunga erishildi. Shuning uchun hozir AQSH va Ukraina o‘rtasida to‘liq bo‘lmasa-da, kelishuv haqida gapirish mumkin. Tendensiya ijobiy ko‘rinadi, biroq bu avtomatik ravishda tinchlikka olib keladi degan xulosaga kelish uchun hali erta. Asosiy muammo o‘sha-o‘sha - Rossiyaning urushni to‘xtatishga tayyorligi masalasidir. 

Jurnalist: Rossiyaning tinchlik rejasini qabul qilish ehtimoli qanday?

Fesenko: Kreml dastlabki 28 bandlik rejaga rozi bo‘larmidi — aniq aytish qiyin. Umuman olganda, Moskva uni ijobiy baholagan, hatto qabul qilishi ham mumkin edi. Ammo ayrim bandlar Rossiyani qoniqtirmagan bo‘lar, bu esa qo‘shimcha talablar qo‘yish imkonini berardi. Agar kompromiss variantga — Rossiya shartlarining bir qismi kiritilmagan loyihaga — gap ketsa, Moskvaning rad etish ehtimoli oshadi. Biroq to‘liq bo‘lmasa-da, qisman kompromiss ehtimolini rad etib bo‘lmaydi.

Jurnalist: Qanday kelishuv bo‘lishi mumkin?

Fesenko: U Rossiyaning, masalan, Istanbuldagi muzokaralarga yoki AQSH va Yevropa bilan alohida muzokaralarga rozi bo‘lishidan iborat bo‘lishi mumkin edi. Biroq, harbiy harakatlar davom etaverardi. Bunday yondashuv, ehtimol, Putin uchun maqbul bo‘lardi: uning uchun Tramp bilan munosabatlarni buzmasdan, konstruktiv muloqotni saqlab qolish muhim, ammo u o‘z maqsadlariga harbiy usullar bilan erishishni davom ettiradi.

Jurnalist: Tinchlik jarayonida qanday o‘zgarishlar yuz berdi?

Fesenko: Yangi tendensiya paydo bo‘ldi. AQSHda yangi texnik muzokarachi — Pentagon rahbarlaridan biri, vitse-prezident Jey Di Vensga yaqin bo‘lgan Deniyel Driskoll paydo bo‘ldi. U ikki tomon o‘rtasida vositachilik vazifasini bajarmoqda. Ilgari Stiv Uitkoff Rossiya bilan, Kit Kellog esa Ukraina bilan muzokaralar olib borgan edi. Endi bir kishi ikkala tomon bilan ham texnik maslahatlar olib bormoqda. U barcha tomonlar bilan aloqalarni davom ettirishi mumkin, biroq asosiy qarorlar yuqori darajada - Moskva, Kiyev va Vashingtonda qabul qilinadi. Faqat shundan keyingina haqiqiy tinchlik muzokaralari, jumladan, ularning Istanbulda qayta boshlanishi mumkinligi aniq bo‘ladi.

Jurnalist: Hozirgi tinchlik jarayoni qanday yo‘nalishlarda davom etishi mumkin?

Fesenko: Hozirda yaqin kelajak uchun ikkita asosiy ssenariy ko‘zga tashlanmoqda. Birinchisi — AQSH tinchlik rejasining yangilangan variantini ishlab chiqib, uni dekabr oyi boshida Rossiyaga taqdim etadi. Rossiya buni rad etishi mumkin, natijada urush davom etadi, muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qoladi va muloqotni jonlantirish faqat front barqarorlashgandan keyingina imkonli bo‘ladi. Bunday holatda, AQSHning Moskvaga nisbatan bosimi kuchayishi ehtimoli bor.

Ikkinchi ssenariy - Rossiya rejaning o‘ziga emas, balki uning yangilangan varianti bo‘yicha muzokaralarga rozi bo‘ladi, biroq jangovar harakatlar davom etaveradi. Bunday muzokaralar bir necha oy cho‘zilishi mumkin. Ularning natijasi tomonlarning murosaga tayyorligiga ham, frontdagi vaziyatga ham bog‘liq bo‘ladi.

Hozircha bu ikki ssenariy eng ehtimollidir. Yaqin oylarda yarashuvni kutish o‘rinsiz. Kelasi yilning fevral yoki bahoridan oldin o‘t ochishni to‘xtatish deyarli mumkin emasligi haqidagi taxminlar haqiqatga yaqinroq ko‘rinmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Tramp bu yil va’dasini ustidan chiqa oladimi yoxud Ukraina taqdiri qachon hal bo‘ladi? | Vaqt.uz