add

Tramp Budepesht sammitini bekor qilgach, Rossiya qimmatli qog‘ozlar bozori eng katta qulashni boshdan kechirdi

22.10.2025 | 08:33962

Moskva birjasida aksiyalar 4,1 foizga quladi. Rossiya bozori 256 mlrd rubl kapitalizatsiya yo‘qotdi, bu 2022 yildan buyon kuzatilgan eng katta qulash hisoblanadi.

Tramp Budepesht sammitini bekor qilgach, Rossiya qimmatli qog‘ozlar bozori eng katta qulashni boshdan kechirdi

Donald Trampning Vladimir Putin bilan Ukrainadagi urushni muhokama qilish uchun rejalashtirilgan uchrashuvni bekor qilish qarori Rossiya fond bozorida kuchli seysmik ta’sir ko‘rsatdi. Seshanba kuni kechki savdolarda Moskva birjasi indeksi 4,1 foizga pasayib, so‘nggi uch yildagi eng katta qulashni qayd etdi.

Tarkibiga Rossiyaning eng yirik kompaniyalari aksiyalari kiruvchi ko‘rsatkich — Mosbirja indeksi 256 mlrd rublga qiymat yo‘qotib, 2632,4 punktgacha tushdi. Tunda «Gazprom» aksiyalari 5 foizga, «Sberbank» — 3,5 foizga, «VTB» — 3,8 foizga, «Rosneft» — 3 foizga arzonladi. «Aeroflot» 5,4 foiz, «Polyus» esa 6,1 foiz qiymat yo‘qotdi.

«Finam» kompaniyasi tahlilchisi Maksim Abramovning ta’kidlashicha, bozordagi tanazzulga asosiy sabab — tashqi siyosiy xavf va sanksiyalarning kuchayishi bo‘ldi. Oq uy rasmiy vakili sammitning yaqin orada o‘tkazilmasligini ma’lum qilgach, investorlar ishonchi yanada pasaygan.

Budapeshtdagi sammit tayyorgarligi Trampning Putindan radikal talablardan chekinishni kutganiga qaramay, Rossiyaning o‘z pozitsiyasidan voz kechmagani sababli to‘xtatilgan. Putin Kiyevdan Donetsk oblastidagi qo‘shinlarni olib chiqishni talab qilgan, bu esa Trampning «front chizig‘ini muzlatish» taklifiga zid edi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya hech qanday otashkesimga rozi emasligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «Ukrainani yana qurol bilan ta’minlash va Rossiyaga qarshi terrorchilik harakatlarini rag‘batlantirish»ga olib keladi.

Bozorga qo‘shimcha bosim Slovakiyaning YeI sanksiyalarining  19-paketini qo‘llab-quvvatlashi, Polsha tomonidan Putin samolyotini majburiy qo‘ndirish tahdidi va Rossiya Markaziy bankining asosiy stavka bo‘yicha yig‘ilishiga oid kutilmalar bilan bog‘liq bo‘ldi.

Teglar

Mavzuga oid