
Tramp dunyoni AQSH, Rossiya va Xitoy o‘rtasida bo‘lishni tasavvur qilmoqda — NYT
29.05.2025 | 13:2045293
The New York Times xabariga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp dunyoda uchta yirik davlat — AQSH, Rossiya va Xitoy har biri o‘z ta’sir doirasini egallaydigan yangi geosiyosiy tartibni shakllantirish niyatida.

Amerika prezidenti Donald Trampning so‘nggi bayonotlari va tashqi siyosatdagi qadamlari uning dunyoni AQSH, Xitoy va Rossiya o‘rtasida ta’sir doiralariga bo‘lish niyatidan darak beradi. Bu haqda The New York Times (NYT) 26 may kuni xabar berdi.
Nashr tahlilchilari fikricha, Tramp dunyoni uchta geosiyosiy kuch markaziga aylantirish tarafdori. Unga ko‘ra, har bir davlat — AQSH, Xitoy va Rossiya — yer yuzidagi muayyan hududda hukmronlik qilishi lozim. Maqolada ta’kidlanishicha, bu yondashuv XIX asrdagi imperatorlik boshqaruvi uslubini eslatadi.
NYT Trampning Grenlandiyani Daniyadan tortib olish, Kanadani AQSHga qo‘shib olish va Panama kanali ustidan to‘liq nazoratni tiklash kabi g‘oyalarini misol sifatida keltiradi. Gazeta bunday harakatlarni Vashingtonning G‘arbiy yarimsharda o‘z ta’sirini kuchaytirishga urinishi deb baholaydi.
Bundan tashqari, Tramp Rossiya bilan savdo aloqalarini tiklash niyatini bildirgan va Xitoy rahbari Si Jinpingni to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotga chaqirgan. Bu harakatlar uning global savdo urushlari oqibatlarini yumshatishga intilishini ko‘rsatadi.





