add

Tramp Epshteyn ishi bo‘yicha suratlarni e’lon qilishga qarshi chiqdi

Kecha 22:581602 daqiqa

AQSH prezidentining aytishicha, tergovdagi fotosuratlarni ommaviylashtirish ayrim shaxslar obro‘siga asossiz putur yetkazishi mumkin.

Tramp Epshteyn ishi bo‘yicha suratlarni e’lon qilishga qarshi chiqdi

AQSH prezidenti Donald Tramp Jeffri Epshteyn ishi doirasida tergov materiallaridagi fotosuratlarni ommaviy namoyish etishga qat’iy qarshi ekanini bildirdi. Floridada jurnalistlar savollariga javob berar ekan, u bunday qadam adolat prinsiplariga zid bo‘lishi va ayrim shaxslarga nisbatan asossiz gumonlarni kuchaytirishini ta’kidladi.

Oq uy rahbari Epshteyn bilan bog‘liq hujjatlardagi suratlarni hammaning ko‘zi oldiga qo‘yishni «juda noto‘g‘ri» deb baholadi. U moliyachining voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik va fohishalik tarmog‘ini tashkil etishda ayblanganini eslatib o‘tdi.

Tramp AQSHning sobiq prezidenti Bill Klintonni alohida tilga olib, unga nisbatan shaxsiy xayrixohligi borligini bildirdi.

«Bill Klintonning suratlari namoyish etilayotgani menga yoqmayapti. Boshqa odamlarning ham rasmlari ko‘rsatilishi yoqmayapti. Nazarimda, bu juda yomon», - dedi AQSH prezidenti Epshteyn ishi hujjatlariga bunday tasvirlar kiritilganiga izoh berib.

U ishda qandaydir tarzda nomi tilga olingan shaxslarning suratlarini ommaga ko‘rsatilishiga qarshi. Trampning ta’kidlashicha, ularning ba’zilari Epshteynning jinoiy faoliyatidan bexabar holda u bilan muloqotda bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Moliyachi Jeffri Epshteyn o‘nlab voyaga yetmagan qizlarni jinsiy eksplutatsiya qilishda ayblangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ularning eng kichigi 14 yoshda bo‘lgan. Shuningdek, u keng qamrovli fohishabozlik tarmog‘ini tashkil etishda gumon qilingan. Epshteynning 2019 yil 10-avgustda Nyu-Yorkdagi kamerada jasadi topilgan.

Epshteyn ishi bo‘yicha avvalroq e’lon qilingan sud hujjatlarida bir qator taniqli siyosatchilar, jamoat arboblari va shou-biznes vakillarining ismlari qayd etilgan edi.

Ular orasida — shahzoda Endryu, Donald Tramp, Bill Klinton, Isroilning sobiq bosh vaziri Exud Barak, AQSHning sobiq vitse-prezidenti Albert Gor, aktyor Kevin Speysi, xonanda Maykl Jekson, illyuzionist Devid Kopperfild, advokat Alan Dershovits va Nyu-Meksiko shtatining sobiq gubernatori Bill Richardson bor.

AQSH Federal qidiruv byurosi Adliya vazirligi bilan birgalikda olib borilgan tergov yakunlariga ko‘ra, taniqli shaxslardan iborat «mijozlar ro‘yxati» mavjudligi haqida dalillar topilmaganini ma’lum qildi.

Mahkama Epshteyn kamerada o‘z joniga qasd qilgan degan xulosaga keldi va siyosatchilar, mashhurlar hamda tadbirkorlarning aloqadorligini yashirish maqsadida u o‘ldirilgan degan versiyani rad etdi.

Amerikalik jurnalist Taker Karlson avvalroq Epshteyn «Isroil uchun ishlaganini» va bu go‘yoki Vashingtonda hamma biladigan fakt ekanini ta’kidlagan edi, garchi rasman bunday bayonotlar tasdiqlanmagan bo‘lsa-da.

The Wall Street Journal nashrining xabar berishicha, Epshteynning do‘sti Gislen Maksvell go‘yoki uning tanishlaridan Epshteynning 50 yoshlik yubileyiga tabriknoma yozishni iltimos qilgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bunday maktub mualliflaridan biri Donald Tramp bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid