add

Tramp Erondagi namoyishchilarni qo‘llab-quvvatladi

Bugun 15:152 daqiqa

AQSH prezidenti Donald Tramp Erondagi ommaviy namoyishlar fonida chiqish qilib, tinch aholiga qarshi zo‘ravonlik bo‘lsa, Vashington javob berishga tayyorligini bildirdi.

Tramp Erondagi namoyishchilarni qo‘llab-quvvatladi

AQSH prezidenti Donald Tramp Eronda iqtisodiy inqiroz va milliy valuta qadrsizlanishi ortidan avj olgan ommaviy namoyishlar yuzasidan keskin bayonot berdi. Uning ta’kidlashicha, agar Eron hokimiyati tinch namoyishchilarga qarshi o‘q otsa yoki kuch ishlatsa, AQSH ularni himoya qilishga tayyor.

Tramp «qurollarimiz tayyor, odamlarni qutqarish uchun o‘t otishga ham tayyormiz» deya bayonot bergan. Bu so‘zlar xalqaro maydonda yangi bahslarga sabab bo‘ldi.

Eron poytaxti Tehronda, shuningdek, Sheroz va Kirmonshoh kabi hududlarda 28-dekabrdan buyon yuqori inflatsiya va narx-navo oshishiga qarshi namoyishlar o‘tkazilmoqda. Savdogarlar va kichik tadbirkorlar ishtirokida boshlangan chiqishlar keyinchalik keng ijtimoiy norozilikka aylandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Luriston viloyatining Azna shahrida to‘qnashuvlar oqibatida kamida uch kishi halok bo‘lgan, o‘nlab fuqarolar yaralangan. Ayrim xabarlarda namoyishchilar politsiya bo‘limlariga kirib borgani, xizmat mashinalari yoqib yuborilgani aytilmoqda.

Tehron viloyatiga qarashli Milord shahrida esa 30 nafar namoyishchi qo‘lga olingan. Mahalliy hokimiyat bu harakatlarni jamoat tartibini buzish sifatida baholamoqda. Shu bilan birga, qo‘lga olinganlarning ayrimlari qo‘shni tumanlardan kelgani ma’lum qilindi.

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi namoyishlar chog‘ida bir xavfsizlik xodimi halok bo‘lganini tasdiqladi. Hukumat norozilik harakatlarini «tashqi kuchlar ta’siri» bilan bog‘lamoqda.

Trampning bayonoti Erondagi vaziyatni yanada siyosiy tusga olib chiqdi. Xalqaro kuzatuvchilar bu kabi chiqishlar keskinlikni oshirishi mumkinligini qayd etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid