add

Tramp: «Ha, men G‘azoga boraman»

23.10.2025 | 20:223101

Donald Tramp G‘azoga bormoqchiligi va mintaqani qayta tiklash bilan shug‘ullanadigan yangi xalqaro tashkilotga rahbarlik qilish niyatini bildirdi.

Tramp: «Ha, men G‘azoga boraman»

AQSH prezidenti Donald Tramp G‘azoga borish niyatida ekanini ma’lum qildi. Bu haqda u «Time» jurnali bilan suhbatda aytib o‘tdi.

Ehtimoliy tashrif haqidagi savolga javob berar ekan, Tramp shunday tasdiqladi: «Ha, boraman. Bilasizmi, bizda Tinchlik kengashi bor va u allaqachon tashkil etilgan. Mendan uning raisi bo‘lishimni so‘rashdi. Ishoning, men buni unchalik xohlamagandim, lekin Tinchlik kengashi juda ta’sirli shaxslardan iborat bo‘lib, Yaqin Sharqda katta ta’sir kuchiga ega bo‘ladi».

Tramp ma’muriyati tomonidan ishlab chiqilgan rejaga ko‘ra, G‘azo texnokratik, nosiyosiy Falastin qo‘mitasidan iborat vaqtinchalik o‘tish davri hukumati tomonidan boshqarilishi kerak.

Ushbu qo‘mita tarkibiga malakali falastinliklar va xalqaro ekspertlar kiradi, uning faoliyatini nazorat qilishni esa yangi xalqaro organ — Trampning o‘zi boshchilik qiladigan Tinchlik kengashi zimmasiga oladi.

AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoffning so‘zlariga ko‘ra, ikki yillik urushdan so‘ng G‘azoni tiklash va qayta qurish taxminan 50 milliard dollarga tushishi mumkin.

Avvalroq Tramp o‘zining ijtimoiy tarmoqlarida sun’iy intellekt yordamida yaratilgan videorolikni e’lon qilgan edi. Unda u G‘azoning tiklanishidan keyingi kelajagini tasvirlagan.

Yevropa Ittifoqi, o‘z navbatida, AQSH prezidentining tinchlik rejasiga muvofiq HAMAS harakatining qurolsizlanishiga ko‘maklashish uchun moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Tramp: «Ha, men G‘azoga boraman» | Vaqt.uz