add

Tramp: «Iqlim o‘zgarishi — bu shunchaki bir aldov!»

24.09.2025 | 19:406594

AQSH prezidenti Donald Tramp BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida iqlim o‘zgarishini «dunyodagi eng katta aldov» deb baholadi. U qayta tiklanuvchi energiyaga sarmoya yo‘naltirgan davlatlarni iqtisodiy muammolar kutayotganini ta’kidladi.

Tramp: «Iqlim o‘zgarishi — bu shunchaki bir aldov!»
23 sentyabr kuni Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning 80-Bosh Assambleyasida AQSH prezidenti Donald Tramp iqlim o‘zgarishiga oid xalqaro tashabbuslarni keskin tanqid qildi. U o‘z chiqishida global isishni «dunyodagi eng katta aldov» deb atadi va BMT hamda Yevropa Ittifoqi olib borayotgan ekologik siyosatni iqtisodiyotga zarar yetkazishda aybladi. Tramp Yevropa Ittifoqining uglerod chiqindilarini qisqartirish siyosati iqtisodiy yo‘qotishlarga olib kelganini qayd etdi. Unga ko‘ra, qayta tiklanuvchi energiyaga yirik sarmoya kiritayotgan davlatlar ham shunday muammolarga duch kelishi mumkin. “Bu prognozlar noto‘g‘ri bo‘lgan, ularni to‘g‘ri baholay olmagan odamlar mamlakatlar iqtisodiyotini halokatga olib keldi», deya qo‘shimcha qildi u. AQSH Tramp prezidentligi davrida Parij kelishuvidan ikkinchi marta chiqishini rasmiylashtirdi. Bu bilan u iqlim kelishuviga qo‘shilmagan davlatlar – Yemen, Eron va Liviya qatoridan joy oldi. Tramp ma’muriyati «energetik ustunlik» dasturini ilgari surib, neft, gaz, ko‘mir va yadro sohalarida ishlab chiqarish va eksportni kuchaytirayotganini bildirdi. «Bizda dunyodagi eng katta neft va gaz zaxiralari mavjud. Ko‘mirni qo‘shsak, hech bir davlatda bunday imkoniyat yo‘q», dedi Tramp. Uning so‘zlari ertasi kuni BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish boshchiligida o‘tkazilishi kutilgan iqlim sammiti arafasida yangradi. Guterrish joriy yil iyun oyida dunyoda toza energiyaga sarmoyalar 2 trillion dollarga yetganini, bu ko‘rsatkich fosil yoqilg‘idan ( neft, gaz, ko‘mir) 800 milliardga ko‘p ekanini ta’kidlagan edi. U xalqaro hamjamiyatni fosil yoqilg‘idan voz kechib, barqaror energiya manbalariga o‘tishga chaqirgan.

Teglar

Mavzuga oid