
Tramp Isroilga Xomanaiyni o‘ldirishni taqiqladi — Reuters
16.06.2025 | 08:1525684
Reuters manbalariga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp Isroilning Eron oliy rahbari Ali Xomanaiyga qarshi qatl rejasini rad etgan. Unga ko‘ra, Eron amerikaliklarni o‘ldirmagunicha, bunday choralar muhokama ham qilinmaydi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Isroilning Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiyga qarshi qatl amalga oshirish rejasini ma’qullamadi. Bu haqda Reuters ikki yuqori lavozimli Amerika rasmiylariga tayangan holda xabar berdi. Ulardan biri AQSH hozircha Eron rahbariyatiga qarshi bunday tajovuzkor choralarni ma’qullashga tayyor emasligini aytgan.
«Eronliklar amerikalikni o‘ldirdimi? Yo‘q. Demak, biz bunday harakatlarni muhokama ham qilmaymiz», — degan manbalardan biri agentlikka.
Xabarlarga ko‘ra, Isroil rasmiylari Vashingtonni Xomanaiyga qarshi amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan «real imkoniyat» haqida ogohlantirgan. Ammo Tramp bunday ssenariyni rad etgan. Uning bu qarorini bevosita aytgani yoki emasligi noma’lum, ammo uning Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalari borligi qayd etilgan.
The Wall Street Journal esa avvalroq, Xomanaiy «immunitetga ega emas»ligini ma’lum qilgandi. Manbaga ko‘ra, agar bu hujum Eron yadroviy dasturini to‘xtatishga yordam bersa, har qanday maqsadli shaxsga zarba berilishi mumkin. Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil aviatsiyasi Eronning yadroviy infratuzilmasiga katta zarar yetkazgan.
Eslatib o‘tamiz, 13 iyunga o‘tar kechasi Isroil Eronga qarshi katta harbiy amaliyot boshladi. Isroil armiyasi (SAHAL) bir necha yadroviy va harbiy ob’ektlarga zarba berdi. Ularning ma’lum qilishicha, hujumda 20 nafardan ziyod yuqori lavozimli harbiylar va 9 nafar yetakchi yadrochi olimlar halok bo‘lgan.
Bunga javoban Eron yuzlab ballistik raketalarni otib, Isroilga ommaviy zarba berdi. Isroil rasmiylarining ma’lum qilishicha, hujumda kamida 13 nafar tinch aholi vafot etgan, yuzlab kishi yaralangan.
15 iyun kuni Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy mamlakat yadroviy qurol ishlab chiqarmaslik to‘g‘risida kelishuv tuzishga tayyorligini aytdi. Ammo Iran International manbalariga ko‘ra, Eron elitasining ayrim vakillari Rossiya bilan ehtimoliy evakuatsiya haqida yopiq muzokaralar olib bormoqda.





