
Tramp jahon tartibini buzmoqda — Yevropa ekspertlari
Munxen xavfsizlik konferensiyasi hisobotida Donald Tramp jahon tartibini izdan chiqarayotgan rahbar sifatida baholandi, AQSHning NATOdagi elchisi esa Yevropani ochiq tanqid qildi.

Yevropaning eng yirik xavfsizlik forumi — Munxen xavfsizlik konferensiyasi tashkilotchilari yangi hisobotida AQSH prezidenti Donald Trampni urushdan keyin shakllangan xalqaro tartibni yemiruvchi omil sifatida baholanmoqda, deb yozadi «The New York Times». Hujjatda Yevropa endi AQSHning «xavfsizlik soyaboni»ga tayana olmasligi ta’kidlangan.
Mualliflarning fikricha, sovet ittifoqi parchalanganidan keyin shakllangan xalqaro tizim ikki tomonlama bosim ostida izdan chiqmoqda: bir tomondan Rossiya, ikkinchi tomondan esa Vashingtonning global liderlikdan chekkinish tendensiyasi sabab.
Hisobotda Rossiya Yevropa va NATO uchun «eng to‘g‘ridan to‘g‘ri va jiddiy tahdid» sifatida ta’riflanadi. Sanksiyalar, yo‘qotishlar va bosimga qaramasdan, Moskva murosaga tayyor emas va iqtisodiyotini uzoq muddatli urushga moslashtirgani qayd etilgan.
AQSHdan noaniq signallar
Mualliflarga ko‘ra, Yevropa xavfsizligi uchun ikkinchi zarba AQSH siyosatidagi noaniqlik bilan bog‘liq. Donald Tramp ma’muriyati Yevropa va Ukraina xavfsizligini, avvalo, yevropaliklarning o‘z mas’uliyati deb hisoblayotganini ochiq bildirdi.
Vashington mudofaa xarajatlarini keskin oshirishni talab qilmoqda, xavfsizlik masalasini iqtisodiy manfaatlar bilan bog‘lamoqda va ittifoqchilarga nisbatan bosim kuchaymoqda. Hisobotda bu holat AQSHning «erkin dunyo yetakchisi» sifatidagi rolidan chekinishini anglatishi ta’kidlanadi.
«Paradoks shundaki, 1945 yildan keyingi xalqaro tartibni yaratgan davlat rahbari bugun uning eng ko‘zga ko‘ringan buzuvchisiga aylandi», — deyiladi hisobotda.
NATOda keskin javob
AQSHning NATOdagi elchisi Mettyu Uitaker bu baholarni qat’iy rad etdi. U Myunxendagi chiqishida xalqaro tizim vayron bo‘layotganini ko‘rmayotganini ta’kidladi va Tramp ma’muriyati NATOni parchalash niyatida emasligini bildirdi.
Uitaker Yevropa davlatlarini AQSHga haddan tashqari qaram bo‘lgan «kichik bolalar»ga qiyosladi. Uning fikricha, AQSH siyosati Yevropani mustaqillikka undashga qaratilgan.
«Bolalar katta bo‘lganda ishlashni boshlashi kerak. Biz aynan shu bosqichdamiz», — dedi u.
Myunxen xavfsizlik konferensiyasi 13–15-fevral kunlari bo‘lib o‘tadi va unda 115 dan ortiq davlatdan mingga yaqin ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.





