add

Tramp Los-Anjelesga norozilik namoyishlarini bostirish uchun Milliy gvardiyani yubordi

09.06.2025 | 11:208693

AQSH prezidenti Donald Tramp Los-Anjelesda immigratsiya reydlariga qarshi norozilik namoyishlari avj olishi ortidan shaharga 2000 nafar Milliy gvardiya askarini yuborish haqida farmon imzoladi. Kaliforniya gubernatori bu qarorni «o‘ta xatarli va provokatsion» deb atadi hamda gvardiyani qaytarishni talab qildi.

Tramp Los-Anjelesga norozilik namoyishlarini bostirish uchun Milliy gvardiyani yubordi
2025 yil 7 iyun kuni Donald Tramp AQSH Immigratsiya va bojxona politsiyasi (ICE) tomonidan Los-Anjelesda o‘tkazilgan reydlar ortidan boshlangan namoyishlarni tinchlantirish uchun Milliy gvardiyani joylashtirish buyrug‘ini berdi. Namoyishchilar va federal agentlar o‘rtasida to‘qnashuvlar kuzatildi, namoyishchilar politsiya mashinalariga tosh va tuxum otishdi. Hukumat kuchlari rezina o‘q va svetoshumli granatalar ishlatdi, kamida 44 kishi qo‘lga olindi. 8 iyun kuni norozilik aksiyalari Los-Anjeles atrofidagi shaharlarga ham tarqaldi. Xususan, asosan latinoamerikaliklar yashaydigan Paramauntda ham mitinglar o‘tdi. Tramp o‘z farmonida bu kabi namoyishlar federal qonunlarni bajarishga to‘siq bo‘layotganini va «hukumatga qarshi isyon shakli» ekanini ta’kidladi. Farmonga ko‘ra, Milliy gvardiya askarlari ICE va boshqa federal idora xodimlarini himoya qilish uchun 60 kunga joylashtiriladi. Bu jarayonga bosh qarorni AQSH mudofaa vaziri qabul qiladi. Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom bu qarorni qattiq tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, Tramp politsiya yetishmasligi sabab emas, balki «tomosha uyushtirish» uchun gvardiyani yuborgan. Nyusom aholini tinch norozilik bildirishga chaqirdi va zo‘ravonlikdan tiyilishni so‘radi. Gubernator 8 iyun kuni AQSH mudofaa vaziri Pit Xegsetga rasmiy xat yo‘llab, Milliy gvardiyani chaqirib olishni talab qildi. U Trampning aralashuvini «suverenitetga tajovuz» va «tinchlikni buzish» sifatida baholadi.

Teglar

Mavzuga oid